Fan-texnika | 11:09 / 16.11.2016
6221
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Brenson tovushdan tez uchuvchi samolyot loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi

© Virgin Galactic

Britaniyalik milliarder Richard Brenson tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi avialaynerini ishlab chiqarayotgan Amerikaning Boom kompaniyasini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi. Guardian nashri shu haqida xabar berdi. 

Virgin Group korporatsiyasi asoschisi Brensonning ma'lum qilishicha, uning Virgin Galactic Spaceship Company kompaniyasi bo‘limi Boom'ning yangi avlod tovushdan tez uchuvchi avialaynerlari qurilishi bo‘yicha "loyiha-konstruktor bo‘yicha hamda ishlab chiqarish xizmatlarini taqdim etadi, shuningdek parvoz sinovlarini qo‘llab-quvvatlaydi". 

"Men anchadan beri aerokosmik innovatsiyalar va tezkor tijorat parvozlariga qiziqaman. Virgin Galactic kosmik sohada novator hisoblanadi. Biz ilk 10 korpusni qo‘lga kiritishda yordam beruvchi Boom bilan shartnoma imzolaganimizdan xursandmiz", - deya Brensonning so‘zlarini keltiradi nashr. 

Boeing va Lockheed Martin kompaniyalari ham yuqori tezlikda pavroz qiluvchi samolyotlarni ishlab chiqarishadi. Boom kompaniyasi asoschisi Bleyk Shollning fikricha, Brenson ishtirokida ishlab chiqarilayotgan loyiha bozorga ertaroq chiqishi mumkin, zero unda boshqaruv organlarining ruxsati talab etiladigan yangi texnologiyalar qo‘llanmaydi. 

Manbaga ko‘ra, Shollning tez orada Kolorado shtati, Denver shahridagi angarda joylashgan samolyot prototipini namoyish qilishi kutilmoqda. Sinov parvozlarini Janubiy Kaliforniyada o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ilk tijorat reyslari 2023 yildan yo‘lga qo‘yiladi. 

Mart oyida Boom kompaniyasining soatiga 2700 kilometr tezlikda harakatlanuvchi tovushdan tez uchuvchi samolyot qurish rejasi haqida xabar berilgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bu samolyot kompozit materiallardan ishlanadi, unda birinchi toifa uchun standart bo‘lgan 40 ta yo‘lovchi kreslosi bo‘ladi. Parvoz 20 ming metr balandlikda amalga oshiriladi.
 

Mavzuga oid