Jahon | 12:47 / 17.11.2016
17677
3 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klinton mag‘lubiyatdan keyin nimalarni his qilgani haqida gapirib berdi

Foto: Reuters

AQSh prezidentligi saylovida Demokratlar partiyasi nomzodi sifatida ishtirok etib, respublikachilar nomzodi Donald Trampga yutqazgan Hillari Klinton jurnalistlar qarshisida chiqish qildi.

Qayd etish kerakki, bu uning bir hafta avvalgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng omma oldiga birinchi marta chiqishi bo‘ldi.

Vashingtondagi jurnalistika muzeyida Amerikaning Bolalarni himoya qilish jamg‘armasi yig‘inida nutq so‘zlagan Klinton xonim o‘z nutqida saylovdagi mag‘lubiyatdan keyin nimalarni his qilgani haqida aytib o‘tgan.

U o‘zini saylov poygasidan qay tariqa chiqarib yuborishgani haqida gapirib, mag‘lubiyatga uchragach, katta bosim ostida qolgani haqida so‘zlagan.

Sobiq davlat kotibi unga yana telekameralar qarshisida paydo bo‘lish juda qiyin bo‘lganini tan olib, natijalar e'lon qilingach, o‘zini qanchalik yomon his qilgani, boshqa hech qachon uydan chiqmaslik haqida o‘ylaganini aytib o‘tgan.

Demokratning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan saylovlar ko‘pchilikni chuqur o‘yga tolib, qadriyatlarni qayta baholashga majbur qilgan.

«O‘tgan hafta ichida ko‘pchilik o‘ziga-o‘zi Amerika haqiqatan ham biz tasavvur qilgandekmi yoki yo‘qmi, degan savolni berganini bilaman», — deya davom etgan u.

Shunga qaramay, Klinton o‘z nutqini ijobiy kayfiyatda yakunlagan va tinglovchilarni jamiyatda paydo bo‘lgan yaqqol parchalanishga qaramay, o‘z mamlakatiga ishonishga va hech qachon yengilmaslikka chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, milliarder Donald Tramp davlat rahbarligi uchun kechgan saylovlarda ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. Respublikachilar nomzodi saylovchilar hay'atining 290 ovozini olgan, Klinton uchun esa 232 nafar a'zo ovoz bergan.

Shu bilan birgalikda, Trampga 61 million amerikalik ovoz bergani holda, Klinton 62 million saylovchining qo‘llab-quvvatlashiga erishgandi. Lekin saylovlar bevosita bo‘lmagani bois, Tramp g‘alabaga erishdi.

Mavzuga oid