Sport | 18:31 / 25.11.2016
7344
8 daqiqa o‘qiladi

Goodbe, Stivi Ji. Jyerrardni Liverpul afsonasiga aylantirgan lahzalar

Kecha, 24 noyabr kuni Angliya futbolining buyuk futbolchilaridan biri, «Liverpul» qahramoni Stiven Jyerrard butsalarini «mixga ilganini» ma'lum qildi. 19 yillik professional faoliyati davomida juda ko‘plab muxlislarning yoqimtoyiga aylangan futbolchi murabbiylik faoliyatini boshlashni niyat qilgan. Tribuna.Uz «Liverpul»ning uzoq yillar davomidagi sardorining futboldagi eng yorqin lahzalarini eslab o‘tadi.

«Hillsboro»dan qolgan «chandiq»
1989 yilda sodir bo‘lgan «Hillsboro»dagi dahshatli tragediyani «Liverpul» sardori qalbida alohida og‘riq bilan yodga oladi. O‘shanda tiqilinchda halok bo‘lgan 96 nafar «Liverpul» muxlislari orasida Jyerrardning 10 yoshli amakivachchasi Jon-Pol ham bor edi. Stivi o‘zining «Mening tarixim» nomli avtobiografik kitobida mazkur voqea unga haligacha tinchlik bermasligini va yuragini yaralaganini tan olgandi. Jyerrard birinchi marta bunday hissiyotni «Hillsboro»ga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbirlarning birida his qilgandi.

«Chelsi»? «Manchester Yunayted»? Kechirasiz
Stiven Jyerrard 8 yil davomida «Liverpul» akademiyasi tizimida tarbiya topadi, ammo 14 yoshga to‘lganida «MYu» ko‘rigida bo‘ladi. Maqsad — liverpulliklar rahbariyatini shartnoma tuzishga majburlash. 2004 yilda esa Stivi Ji «Chelsi»dan taklif oladi — u yerga Jyerrard o‘z kitobida dunyoning eng kuchli murabbiyi deya ta'rif bergan Joze Mourinoning shaxsan o‘zi chorlagandi. Portugaliyalik mutaxassis Jyerrardni keyinchalik «Inter» va «Real»ga taklif qiladi, biroq har safar rad javobi eshitadi.

Istanbuldagi «triller»ning tarixiy qahramoni
Yevropa chempionlar ligasining 2005 yildagi buyuk finali «Liverpul» sardori bo‘lmaganida bu nomni olmagan bo‘lardi. Aynan Jyerrard, Istanbuldagi o‘yinning ikkinchi bo‘limida ko‘proq hujumlarga qo‘shilgandi. Liverpulliklarning birinchi golini nishonlarkan, u ikki qo‘lini baland baland silkitib, muxlislarni ham, jamoani ham ruhlantiradi. Keyinchalik bu harakat finalning hal qiluvchi daqiqasi deya ta'riflangandi. Goldan olti daqiqa o‘tib, Gattuzoning aynan Jyerrardga nisbatan ishlatilgan qo‘polligi natijasida belgilangan penaltidan Stivenning eng yaqin do‘stlaridan biri Xabi Alonso unumli foydalanadi. Trillerning davomi esa sizga ma'lum. Jyerrard o‘sha kechaning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi va «Liverpul» uchun 21 yildan keyin ilk marta (hozircha so‘nggi) chempionlar Kubogini olib berilishida bosh qahramon sifatida qatnashadi.

«Oltin to‘p» ostonasiga tashlangan eng yaqin qadam
O‘sha 2005 yilda UYeFA talqiniga ko‘ramavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Stivi «Oltin to‘p»ga da'vogar 3 futbolchidan biri bo‘ladi, biroq yakunda terma jamoadagi sherigi Frenk Lempard va «Barselona» yulduzi Ronaldino undan ko‘proq ovoz to‘playdi. O‘sha yili braziliyalik futbolchi o‘z klubi safida 45 uchrashuvda 22ta gol kiritgan, terma jamoasini qiyin vaziyatda qutqarib, Germaniyadagi jahon chempionati yo‘llanmasini olib bergandi. Bu unga France Football ning bosh sovrinini qo‘lga kiritishi uchun yetarli bo‘lgandi. Jyerrard esa futboldagi asosiy individual sovringa boshqa da'vogarlik qilmadi.

2006 yildagi mavsum goli
Kelgusi yilda «Liverpul» Stivi Ji sardorligida yana ikkita — Angliya Kubogi va superkubogida zafar quchadi. Kubok finalida qizillar «Vest Hem»ga qarshi maydonga tushadi. 90-daqiqaga qadar «Liverpul» 2:3 hisobida ortda boradi. Aynan shu daqiqada Jyerrard 32 metr masofadan, keyinchalik mavsumning eng chiroylisi deb topilgan golni kiritadi. Afsuski FIFA tomonidan eng chiroyli golga beriladigan Ferents Pushkash nomidagi sovrin faqatgina 2009 yildan buyon topshirilmoqda. O‘shanda bu sovrin bo‘lganida uning egasi kim bo‘lishi ortiqcha savollarga sabab bo‘lmasdi.

Barcha davrlarning ramziy terma jamoasi a'zosi
2010 yilda «Liverpul» sardori Britaniyaning nufuzli nashrlaridan biri The Guardian tomonidan tuzib chiqilgan barcha davrlarning ramziy terma jamoasida o‘ng qanot yarimhimoyachisi sifatida joy oladi. O‘sha tarkibdan katta Shmeyxel, Kafu, Barezi, Bekenbauer, Maldini, Maradona, Zidan, Kruiff, Pele va Ronaldo joy olgandi. Jurnalistlar, muxlislar va ekspert talqini bo‘yicha tuzilgan o‘sha tarkibning eng yosh vakili Stiven edi.

Kameradan bo‘sa olib nishonlangan gol

Stivi Dji golni kameradan bo‘sa olib nishonlashni ilk marta amalga oshirgan futbolchi sanaladi. Bu voqea yetti yil oldin Jyerrard «MYu»ga qarshi o‘yinda penaltidan jamoasining ikkinchi golini kiritganida sodir bo‘ladi. O‘yinda «Liverpul» 4:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Xuddi shu ishni u 5 yil o‘tib 2014 yilda ham bajaradi. O‘shanda ham jamoa Angliyadagi eng azaliy raqibini yirik 3:0 hisobida mag‘lub etadi, sardorning o‘zi dubl muallifi bo‘ladi.

Xayr, chempionlik

Jyerrardning avtobiografiyasi «Liverpul» sardorining «Chelsi»ga qarshi 2014 yildagi uchrashuvdagi ko‘z yoshlari tasviri bilan boshlanadi. O‘shanda Stivi yiqilib tushgach, Demba Ba Minole darvozasini ishg‘ol qiladi va mersisaydliklarni chempionlik uchun kurashishdan mahrum qiladi. Jyerrard klub darajasidagi yutmagan yagona sovrini – APL chempionligi hozircha ham buyuk futbolchi faoliyatiga oz bo‘lsada soya solib turibdi. Ammo bu masalani hal qilishning yo‘li ham bor. Fikridan qaytib, faoliyatini yarim yilga tiklash va Kloppning «Liverpul»iga qo‘shilib, (o‘ynovchi-murabbiy bo‘libmi, farqi yo‘q) bu ishni bajarish.

«Liverpul» tarixidagi eng yaxshi futbolchi
2013 yilda Stiven Jyerrard jamoaning yana bir afsonasi Kenni Dalglishning sermahsullik ko‘rsatkichlarini yangilaydi. «Liverpul»da 18 mavsum to‘pgan surgan futbolchi 709 uchrashuvda maydonga chiqib 185 gol muallifiga aylangan Stivi haqli ravishda jamoaning barcha davrlardagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etiladi.

AQShda qo‘yilgan so‘nggi nuqta
2015 yilning yanvarida Jyerrard o‘z qarorini e'lon qiladi: «Liverpul» bilan shartnoma imzolanmaydi va futbolchi qadrdon jamoasini tark etadi. Tirik afsona ijrosidagi so‘nggi uchrashuv o‘sha yilning may oyida bo‘lib o‘tadi va unda «Stok Siti»ga 1:6 hisobida imkoniyat boy beriladi. Sharmandali tugagan o‘yinda mersisaydliklarning yagona goliga aynan Jyerrard mualliflik qiladi.

Amerikaning «Los-Anjyeles Gelaksi» klubi safida Jyerrard bir yarim mavsumni o‘tkazdi. 39 uchrashuvda 5 gol kiritgan futbolchi, bu yerda ham klubiga mamlakatning asosiy sovrini MLS kubogini qo‘lga kiritishiga ko‘maklasha olmadi. Vazifa uddalanmagach, u jamoadan, keyinchalik esa futboldan butunlay ketishini ma'lum qildi. Uning rasmiy uchrashuvdagi oxirgi harakati «Gelaksi» va «Kolorado Repids» jamoalari uchrashuvidan keyingi penaltilar seriyasidagi aniq zarbasi bo‘ldi.

Stiven Jyerrard futbolchilik faoliyatini yakunladi

Mavzuga oid