Jahon | 18:26 / 28.11.2016
33035
6 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov: Men hech qachon rus soldatlarini o‘ldirganim haqida gapirmaganman

Foto: TASS

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ma'lum qildiki, u Birinchi chechen urushi vaqtida rossiyalik harbiylarni o‘ldirgani bilan maqtangani haqidagi gaplar to‘qib chiqarilgan. U TASS muxbiri savollariga javob qaytarish asnosida shu haqida aytgan.

«Hech qachon, hech qayerda, hech kimga, hazil qilib ham, jiddiy qilib ham rus soldatlarini o‘ldirganim haqida gapirmaganman. Biron marta ham bu gap tilimdan chiqmagan! Bunday so‘zlar to‘qib chiqarilgan», — degan u.

Qodirov qayd etib o‘tganki, bunday so‘zlar ko‘p tarqalgan, lekin u biladiki, «bu ochiq yolg‘on».

«Ha, birinchi kampaniya vaqtida men o‘z xalqim bilan birga qurol ko‘tarib chiqqanman. O‘shanda yosh va ahmoq edim, lekin hamisha otamning yonida turganman», — degan Checheniston rahbari.

Undan rossiyalik harbiylarni o‘ldirgan-o‘ldirmagani haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rashganida esa, shunday javob qaytargan.

«Agar javob qaytarmasam, avvalgi safarlardagi kabi meni la'natga ko‘mishadi! Men hech gapni yashirmayman. Yana qaytaraman, men otamning yonida yurganman. Yonginasida… U esa, bir muftiy sifatida, ko‘p, juda ko‘p harbiylarning hayotini saqlab qolgan», — degan u.

Undan Birinchi chechen urushi davrida kimlarni o‘zining dushmani deb bilgani to‘g‘risida ham so‘rashgan.

«Chechenistonda 5-10 davlat fuqarolari paydo bo‘lgandi. Men ularni avval hech qachon ko‘rmagandim, ular haqida eshitmagandim. Buning ortida G‘arb maxfiy xizmatlari turgan», degan u.

Ramzan Qodirov haqida tez-tez u  «16 yoshida ilk marta rus askarini o‘ldirgani» haqida aytib turishadi. «Novaya Gazeta» jurnalisti Yuliya Latinina 2006 yilda ma'lum qilgandiki, Qodirov bu gapni Shimoliy Kavkaz taraqqiyoti davlat komissiyasi rahbari Dmitriy Kozak qabulida bo‘lganida aytgan. Lekin bunga hujjat yo‘q.

Ramzan Qodirov o‘z otasi Axmat Qodirov bilan Birinchi chechen urushi vaqtida federal harbiylarga qarshi urush olib borgan. Ziddiyatlar boshlangan 1994 yilda kichik Qodirov 18 yoshda bo‘lgan. 1999 yilda Qodirovlar oilasi vahobiylarga qarshi bo‘lib qolgan va Moskva tomoniga o‘tgan. Urush tugaganidan keyin esa Axmat Qodirov Checheniston respublikasiga rahbar bo‘lib olgan.

Ma'lumot:

1991 yilda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Chechen-Ingush muxtor respublikasi ikkiga bo‘lindi. O‘sha yilning oktabrida esa Sobiq Sovet armiyasi generali Johar Dudayev Checheniston prezidenti etib saylandi. 

Johar Dudayev prezident bo‘lganidan so‘ng, tez orada Checheniston bir tomonlama ravishda Rossiya tarkibidan chiqishini ma'lum qildi.

Keyingi uch yil davomida Moskva bilan aloqalar taranglasha boradi. Dudayev mamlakat mustaqilligini mustahkamlash maqsadida Checheniston armiyasini tuza boshlaydi. 

Bu vaqt davomida Moskva isyonchi generalni o‘z itoatiga qaytarishga urinib ko‘radi. 1994 yilning 29 dekabrida Rossiya milliy xavfsizlik kengashi Chechnistonga ultimatum e'lon qildi. Checheniston rahbariyatidan qurollarni Moskvaga topshirish talab qilinadi. Aks holda separatchi respublikaga nisbatan harbiy choralar ko‘rilishi aytilgandi.

1994 yilning 11 dekabrida Rossiya armiyasi Chechenistonga bostirib kirgandi. Harbiylarning vazifasi separatchi respublikada Moskva nazoratini qayta o‘rnatishdan iborat edi. O‘sha paytda Rossiya mudofaa vaziri bo‘lgan Pavel Grachev prezident Boris Yelsinga Checheniston poytaxti Grozniyni ikki soatda bosib olishni va'da qildi. Bugun Chechen urushi 10 yildan oshiq vaqt (2ta harbiy kampaniya) davom etadi.

Urush boshlangach bir necha kunlik qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng Dudayev askarlari Grozniydan chiqib ketdi. 1996 yilning aprelida esa Dudayev halok bo‘ladi.

O‘sha yili separatizm tarafdorlari Grozniyni qayta egallaydi va Moskva ular bilan tinchlik bitimini imzolashga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng mamlakatda o‘tkazilgan saylovda Aslan Masxadov Checheniston prezidenti etib saylanadi. Bu saylovlar xalqaro hamjamiyat va Moskva tomonidan tan olinadi.

Biroq 1999 yilning kuzida Rossiya kuchlari yana Chechenistonga bostirib kiradi va urush qayta boshlanadi.

O‘sha paytda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Vladimir Putin yangi harbiy kampaniyani chechenistonlik terrorchilariga qarshi urush deb e'lon qilib, bu terrorchilarni tezda yo‘q qilishga va'da qilgan edi. Lekin urush uzoq davom etadi.

Keyinchalik Yeltsin Chechenistonga qarshi urush e'lon qilish katta xato bo‘lganini e'tirof etadi. Uning “ikkinchi Afg‘oniston” haqidagi xavotirlari ham to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Afg‘onistondagi 10 yillik urushda 13 ming Sovet askari halok bo‘lgan bo‘lsa, Chechenistonda Rossiya 2 barobar ko‘p askar yo‘qotdi. 

Chechenistondagi ayirmachilarning hisoblariga ko‘ra, tinch aholi orasida 250 ming kishi, jumladan 40 ming bola halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid