O‘zbekiston | 21:08 / 29.11.2016
24869
2 daqiqa o‘qiladi

Kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri imzolandi

2016 yilning 28 noyabrida O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi.

Yangi tahrirdagi qonun 6 oktabr kuni parlamentning Qonunchilik palatasida ma'qullangan, 12 oktabr  kuni Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida tasdiqlangandi. 

Qonunga kiritilgan qo‘shimchalar xalqaro huquq normalari va Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyanomalariga ko‘ra qabul qilingan. Xususan, ular tadbirkorlar tomonidan yollangan va xususiy sektorda ishlayotgan ishchilar ijtimoiy-mehnat huquqlarini yanada samaraliroq himoya qiladi. 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlaydigan joylarda, shuningdek, tarmoqlar va hududlar darajasida kasaba uyushmalari tashkilotlarini tuzish va faoliyatini ta'minlash tartibi belgilangan. Kasaba uyushmalari organlarining saylab qo‘yiladigan lavozimlariga saylanishi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya qilish kafolatlari kuchaytirilgan. Xodimlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining rolini oshirishga qaratilgan boshqa tashkiliy-huquqiy mexanizmlar mustahkamlangan.

«Qonunda kasaba uyushmalarining ish beruvchilar bilan kollektiv muzokaralar olib borish huquqi hamda mehnat qonunchiligining amalda bajarilishi ustidan jamoat nazorati o‘rnatish huquqi mustahkamlangan», — deyilgan Kasaba uyushmalari matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston ishchilari huquqlari Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi tomonidan himoya qilinadi. Federatsiya 14 soha, 14 hudud va 37 ming birlamchi kasaba tashkilotlaridan iborat. Bugungi kunda Kasaba uyushmalariga 6 milliondan ortiq kishi a'zo bo‘lgan.

2015 yilning fevralida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Xalqaro Kasaba uyushmalar konfederatsiyasiga a'zo bo‘lgandi.

Mavzuga oid