O‘zbekiston | 09:59 / 01.12.2016
4376
3 daqiqa o‘qiladi

ShHT kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonga keldi

Foto: elections.uz

30 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish bo‘yicha missiyasi kuzatuvchilari mamlakatimizga keldi. Missiyaga ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov rahbarlik qilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti markaziy portalida qayd etilishicha, ShHT missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga xalqaro kuzatuvchilar taklif etilishini uni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazishga bo‘lgan intilishning yaqqol ifodasi, deb baholaydi.

ShHT missiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga hamda Prezident va/yoki parlament saylovlarida hamda referendumlarda ShHT kuzatuvchilar missiyasi to‘g‘risidagi nizom asosida siyosiy betaraflik va davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga rioya qilgan holda amalga oshiradi.

Missiya tarkibiga ShHTga a'zo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro va saylov organlari, shuningdek, ShHT kotibiyatining 20 nafar vakili kiritilgan.

ShHT missiyasi o‘z faoliyati davomida mumkin qadar ko‘proq saylov uchastkalariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Missiya Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uchrashuvlar o‘tkazadi. Shuningdek, saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro tashkilotlar missiyalari a'zolari, xorijiy mamlakatlar kuzatuvchilari bilan muloqotlar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ShHT saylovlarni kuzatish sohasida katta tajriba to‘plagan. Bu borada 2004 yildan buyon Tashkilot tomonidan 37 ta missiya shakllantirilgan bo‘lib, ularning 5 tasi O‘zbekistonda ish olib borgan.

*****

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov ShHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari R.Alimov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Missiya rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishtirildi.

Qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ishlari saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ochiq va oshkora olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini
yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

Mavzuga oid