Jahon | 21:34 / 03.12.2016
8607
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda AQShdan mahsulotlar importini taqiqlovchi qonun qabul qilindi

Foto: © AP

Eron parlamenti AQShdan keng iste'mol mahsulotlari import qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda Eron televideniyesi ma'lum qildi.  

"AQSh kongressi senati tomonidan D'Amato qonuni (1996 yilgi "Eronga nisbatan sanksiyalar to‘g‘risida"gi qonun) muddatining uzaytirilishiga javoban Eron parlamenti AQShdan keng iste'mol mahsulotlari import qilishga taqiqlov kiritish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi", deb aytildi xabarda. Xabarda deputatlar "AQSh kongressi tomonidan Eronga nisbatan doimiy adovat va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuv doirasidagi majburiyatlarini inobatga olmaslikni hisobga olib"  qonun loyihasini bir ovozdan qabul qilganlari ma'lum qilingan. 

Tehronlik deputat Behruz Ne'matiyning televideniyega ma'lum qilishicha, "shuningdek, boshqa choralar ham ko‘riladi".

1 dekarbda AQSh senati avval vakillar palatasi ma'qullagan Eronga qarshi sanksiyalar haqidagi qonunning muddatini 10 yilga uzaytirish haqidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bu qonunning muddati 31 dekabrda tugashi kerak edi. Kutilishicha, AQSh prezidenti Barak Obama taqiqlov qo‘yish huquqidan foydalanmay, ushbu qonunni yaqin kunlarda imzolaydi.

Eron tashqi ishlar vazirligi sanksiyalarning uzaytirilishini joriy yilning 16 yanvarida amal qilishi boshlangan yadroviy kelishuvning yaqqol buzilishi deb baholadi. 

 

Mavzuga oid