Jamiyat | 18:20 / 05.12.2016
62249
9 daqiqa o‘qiladi

Ayollarning hayosizligi – erkaklarning g‘urursizligidandir!

Foto: Getty Images

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

Bir kuni qabulimga bir yigit hayajon bilan, ajablangan holatda kirib kelib, mulohazali mavzuni ko‘tarib qoldi. 

U: «Qori aka, jum'a ma'ruzalarida qizlarning tarbiyasi to‘g‘risida ko‘proq gapirmasangiz bo‘lmaydi shekilli. Ayollar, ayniqsa turmushga chiqmagan qizlar juda ham aynib, behayo, tarbiyasiz bo‘lib borayapti», deb o‘z e'tirozini bildirdi.

Uning bu e'tirozida yaqin vaqt ichida qandaydir hodisa ro‘y bergani, u yigitning ongiga qattiq ta'sir qilgani sezilib turardi. Yigitning hayajoniga qandaydir hodisa sabab bo‘lganini tushunib turgan holda: «Nima bo‘ldi?», deb so‘radim.

U yigit: «Ko‘chada kira qilib yurgan bir mashinani to‘xtatdim. Haydovchi yonidagi old o‘rindiqda bir qiz ham o‘tirgandi. Men aytgan manzilga qarab ketarkanmiz, beixtiyor old o‘rindiqdagi qizga ko‘zim tushdi. Uning kiyimlari bir ahvolda, deyarli yarim-yalang‘och ekan. Shu vaqt qiz mashina magnitafoni tugmalarini bosa boshladi. U qildi - bu qildi, ancha urindi, o‘zi istagan narsani topolmagach, yonidagi haydovchiga qarab: «Ada, o‘zingiz qarang buni, falon narsaga qo‘ying, men topolmayapman», deb qoldi. E'tibor bersam, uning tugmalarni bosa olmayotganiga tirnoqlarini nihoyatda o‘stirib olgani xalal berayotgan ekan. Eng ajablanganim shundaki, avtomobilni boshqarib ketayotgan otasi qizining kiyinishiga mutlaqo beparvo edi. Shu holat menga qattiq ta'sir qildi. Nahotki ota o‘z qizini shu holatda ko‘chaga chiqishiga, uni o‘z yonida olib yurishga qo‘yib bersa?! Balki qizini o‘qishga, ishga, bozor yoki boshqa yerga olib borayotgandir. Ehtimol o‘zini zamonaviy otalardan hisoblab, qizining istaganicha kiyinishiga qo‘yib berishidan faxrlanar ham! Mana, jum'a namozlariga asosan otalar, xonadon rahbarlari kelishadi. Balki ular orasida ham qizi, turmush o‘rtog‘ining ochiq-sochiq kiyinishiga e'tiborsizlar bordir. Etiborsizlar yoki buning katta ma'siyat ekanini bilmaganlar bo‘lsa o‘rgatish, unutganlarning yodiga solish uchun ham barchamizga qizlar tarbiyasidagi eng nozik tomonlar to‘g‘risida, qiz-juvonlarning iffati, hayosi, iymon-e'tiqodi, axloq-odobini saqlash uchun haqiqiy er yigitlar, otalar, aka-ukalar nimalar qilmog‘i to‘g‘risida ma'ruza qilinsa», dedi.

Haqiqatan ham, hozirgi kunda shahrimizning har bir qadamida bu kabi holatlarni uchratish mumkin. Bozorda ishlaydigan sotuvchilar tomonidan ham xuddi shunday gaplar tez-tez tilga olinmoqda. Ayrim ota-onalar qizlarini kiyim-kechak do‘koniga olib kirib, bir-biridan tor, yelkasi, orqasi ochiq ajnabiy liboslarni kiydirib ko‘rayotganini, hattoki otasi bularni kiydirib ko‘rib: «Yo‘q, bu yarashmadi, bu unchalik odamni jalb qilib, o‘ziga tortadigan emas ekan, beo‘xshov bo‘lib qolding, yana ham yaxshirog‘ini, yana ham torrog‘ini, yana ham kaltarog‘ini kiygin», deb tavsiya qilayotganiga ham guvoh bo‘layotganlar bor.

Yo‘q azizlar, inson zamon talabi shu ekan-da, deb nima bo‘lsa qabul qilib ketavermasligi kerak. Avvalo ota-onalar bolalar uchun mas'ul. Ular farzandlar sof fitratda dunyoga kelishini, ota-onalar ularni o‘zlaridan kelib chiqib yo buzishlari, yoki tuzatishlari mumkinligini unutmasliklari lozim.

Oramizda bu kabi bid'at-xurofotlar, gunoh-ma'siyatlar paydo bo‘lsa, ularga loqayd qaramasligimiz, qo‘limizdan kelganicha ularga qarshi chiqishimiz shart. Aks holda gunohkor bo‘lamiz, nafaqat u dunyoda, balki bu dunyoning o‘zida ham jazomizni olmasdan o‘tmaymiz. Bu haqda ko‘plab hadislar, hattoki Qur'on oyatlari kelgan.

Kezi kelganda yangilanib, tobora mudhish tus olib borayotgan yana bir eski dardimiz haqida to‘xtalib o‘tsam. Yaqinda mebel sotadigan do‘konchi tanishlarimizdan biri shikoyat qilib qoldi: «Qori aka, bilamiz, ancha-muncha amri ma'ruflar bo‘lib turibdi, bu haqda ko‘p aytasiz, lekin baribir shu gaplar kamroq bo‘layotgandek tuyulmoqda. To‘ylarda barcha uy jihozlarini olish harajatlari kelin tomonga yuklanganligi barchamizga ma'lum. Hozirgi kunda onasining etagini ushlab katta bo‘lgan yigitchalar nomardlarcha kelin tarafdan hamma jihozlarni, sarfu harajatlarni talab qilayotgani achinarli. Asosan ayollarimizning tizginsiz «orzu-xavasi» deb chegaradan chiqish holatlari ko‘paygandan ko‘payib borayapti. Biz erkaklar esa bunday gap-so‘zlarga hech qanday munosabat bildira olmayapmiz, bularning yomonligini bilib turib ham qarshilik ko‘rsata olmayapmiz.

Yaqindan beri yangi bir odat paydo bo‘lib qoldi. Mebel tanlash jarayoniga endi kelin va uning onasi bilan kuyov va onasi ham keladigan odat chiqardilar. Kuyov bilan uning onasi mebel do‘konida aylanib, u yerda o‘nlab har xil ko‘rinishdagi, har xil mamlakatlardan keltirilgan, turli qiymatga ega mebellarni ko‘rib chiqadi. Shularning ichidan kelin bilan onasi bir mebelni ko‘rsatib: «Mana bu mebel bo‘ladimi?», deb tanlasa, kuyov bilan onasi kelib turib: «Yo‘q, bu bo‘lmaydi, bizga yoqmadi, boshqasini tanlaymiz», deydi. Kelin bilan ona boshqasini tanlab: «Mana buni ko‘ringlarchi, bunisi bizga yoqdi», desa, kuyov bilan onasi yana: «Yo‘q, bu ham bo‘lmaydi, uyimizning hajmiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu kichkina bo‘lib qoladi, xonamiz nihoyatda katta, uyimizni haybatiga, savlatiga yarashadigan mebel bo‘lishi kerak», deyishadi. Axiyri kelin bilan onasi: «Mayli, o‘zlaringga ma'qul bo‘lganini tanlanglar, keyin gaplasharmiz», deyishadi. Kuyov bilan onasi esa o‘zlari aytgandek, uylarining savlatiga, hajmiga to‘g‘ri keladigan o‘ta qimmatbaho, xorijdan keltirilgan mebelni tanlaydi. Kelin bilan onasi majbur bo‘lib, quvvati yetsa o‘sha yerda to‘layapti, agar yetmasa nasiya qilib: «Shuni band qilib qo‘yinglar, biz erta-indin pulini to‘liq to‘lab olib ketamiz», deb ketishayapti. Biz-ku, mebel sotganimizga xursandmiz. Lekin yangi paydo bo‘layotgan bu odat borib-borib yurtimiz, millatimiz, mo‘min-musulmonlarimizning, ayniqsa erkaklarning nomiga dog‘ bo‘lib tushadi-ku! Shu ketishda kelajak avlodimizni nimalar kutayapti ekan?! Besh-o‘n yildan keyin qanday holat yuzaga chiqar ekan, deb hayron bo‘layapmiz. Shu muammoni yana va yana ko‘tarib chiqsangiz. Kuyovlarimiz o‘z yigitlik g‘ururini, otalar erkaklik g‘ururini, onalar esa o‘zlarining ayollik, qaynonalik maqom-martabasini bilsa, hurmati, obro‘-e'tiborini saqlashga harakat qilsa. Arzimas molu dunyo uchun, arzimas uyning jihozi uchun bor-yo‘g‘idan voz kechib yuboraverish odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydigan ish emasmi?», deb mulohaza bildirdi.

Haqiqatan ham, ming afsuski, hozirda mana shu kabi holatlar kundan-kunga rivojlanib bormoqda. To‘g‘ri, ular haqida ko‘p marotaba aytilmoqda, amri ma'ruflar qilinmoqda. Ularni eshitib, bunga amal qilayotganlar ozroq bo‘lsa ham bor, alhamdulillah. Ayrim ijobiy o‘zgarishlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Biz bularni inkor etolmaymiz.

Ammo, nisbatan olib qaraganda, bular baribir juda ham oz. Biz istardikki, shariat talablariga muvofiq qilib ish tutuvchilar ko‘paysa, haqiqiy yigitlar, haqiqiy erkaklar, haqiqiy musulmonlar o‘zlarining musulmonchilik, erkaklik g‘ururi, sha'ni, obro‘-e'tiborini arzimas molu dunyoga, choy chaqaga yomki xorijdan keltirilgan biror-bir jihozga almashtirib yubormasalar. Bular kelajakda botmonlab, qancha-qancha mol-dunyo sarf qilib bo‘lsa ham topilmaydigan obro‘, ma'naviy tarbiya, qolaversa, iymon-e'tiqod shartidir.

Ishoqjon BeGMATOV
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid