Light | 23:33 / 23.12.2016
14559
2 daqiqa o‘qiladi

Inson immuniteti quyosh nuriga bog‘liqmi?

Foto: Flickr/Julius Muschalek

Amerikalik tadqiqotchilar inson immuniteti eng muhim  hujayralarining faolligi quyosh nuri orqali boshqarilishini aniqlashdi. Bu zamonaviy hayot tarzi inson immunitetining to‘laqonli faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilishini bildirishi mumkin. Scientific Reports jurnalida shu mavzuda maqola chop etildi. 

Tadqiqotlar davomida mutaxassislar quyosh nuri insonning  T-limfotsitlari harakatchanligini keskin ko‘tarishini, T-limfotsitlar esa - inson immunitetining eng muhim qismi ekanini isbotlab berishdi. Ular begona antigenlarni tashuvchi hujayralarni (deyarli barcha "yov" hujayralarni) izlash, aniqlash va yo‘q qilishni ta'minlashadi. Saraton hujayralari bilan ham aynan ular kurash olib borishadi. Tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, quyosh nuridagi ko‘rinuvchi ko‘k yorug‘lik bilan nurlanish vaqtida T-limfotsitlarda vodorod peroksidi hosil bo‘ladi. U biokimyoviy jarayonlarni, shu jumladan T-limfotsitlar harakatini faollashtiradi va bu kasalliklarni keltirib chiqaradigan "yov" hujayralarini topib, ularni yo‘q qilishga yordam beradi. 

Inson taraqqiyot asriga qadar quyoshdan yetarlicha ko‘k rangdagi yorug‘likni olgan. Bugun esa u deyarli yopiq inshootlarning ichida yashaydi, tabiiyki, bu quyosh nuri yetishmovchiligiga olib keladi. Bu teridagi T-limfotsitlar harakatlari va kasalliklarni qo‘zg‘atuvchilar bilan kurashish sekin kechishidan dalolat beradi. 

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, agar ko‘k rangdagi yorug‘lik bilan nurlanish organizmga salbiy ta'sir ko‘rsatmasa, uni immunitetida muammosi bo‘lgan kishilarga nisbatan qo‘llash mumkin. Olimlar shuningdek ko‘zning xiralashishi aynan quyoshda kam yurishning oqibati ekanligini taxmin qilishmoqda. Bir necha oy ilgari ko‘k rangdagi nurning jarrohlik amaliyoti vaqtida inson ichki organlariga ziyon yetishidan himoyalashi ham aniqlangan edi. 

 

Mavzuga oid