O‘zbekiston | 14:55 / 23.12.2016
15122
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston TIV rahbarini qabul qildi

23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyov, O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi. Bu haqda, prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda

Davlat rahbari mehmonni iliq kutib olar ekan, uning shaxsida Qozog‘iston rahbariyati va qardosh xalqini Qozog‘iston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi bilan samimiy qutladi. 

Bugungi kundagi ishonchli va boy o‘zbek-qozoq muloqoti ikki davlat va do‘st xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi hamda chuqur tarixiy ildizlarga egaligi va ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikning barcha jabhasida rivojlanayotgani qayd etildi. 

Qozog‘iston TIV rahbari samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Prezident Nursulton Nazarboyevning O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga samimiy qutlovlari va hurmatini yetkazdi. 

Yerlan Idrisov, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentini prezidentlik saylovlaridagi ishonchli g‘alabasi bilan yana bir bor qutladi. 

Qabul chog‘ida qayd etilganidek, ikki mamlakat yaqin qo‘shni va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar sifatida xavfsizlik va barqarorlik, barqaror iqtisodiy, ijtimoiy va o‘zaro rivojlanishdan hamda umuman, Markaziy Osiyo mintaqasining taraqqiy etishidan manfaatdordir. 

Shu ma'noda Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik kengashining 2017-2018 yillardagi doimiy bo‘lmagan a'zolari tarkibiga kirishi va buning O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarini global miqyosda ilgari surish bo‘yicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Muloqot chog‘ida o‘zbek-qozoq aloqalari kun tartibida turgan keng qamrovli masalalar, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya sohalari bo‘yicha fikr almashildi. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston mintaqadagi yirik savdo hamkorlar sifatida bu boradagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish, barcha zaxiralardan foydalanishga tayyordir. 

Unda, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashuvlar bo‘ldi. 

Mavzuga oid