O‘zbekiston | 12:14 / 24.12.2016
33619
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo sherigiga aylandi

Foto: Google image

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmi 2016 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra 1,54 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda Toshkentdagi matbuot anjumanida Qozog‘iston elchisi Yerik Utembayev xabar berdi.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga asosan bug‘doy va meslin (bug‘doy hamda javdar aralashmasi), bug‘doy va bug‘doy-javdar uni, temir va po‘lat mahsulotlari, ruda va rux konsentratlari, qayta ishlanmagan alyuminiy mahsulotlari eksport qilinmoqda. 

"O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan qozog‘iston mahsulotlari orasida bug‘doy uni va bug‘doy doni yetakchilikni ushlab turibdi. Qozog‘iston O‘zbekistonga ushbu mahsulotlarni yetkazib beruvchilar orasida yetakchi pozitsiyada qolmoqda – 525 ming tonna un va taxminan 1,4 million bug‘doy hamda meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi).

O‘zbekistondan esa asosan tabiiy gaz, uzum, o‘rik, olcha va gilos, shaftoli, quruq mevalar, yangi va muzlatilgan tomatlar import qilinmoqda", - deya ta'kidlab o‘tdi diplomat. 

Qozog‘istonning O‘zbekiston tovar aylanmasidagi hajmi 8,7 foizga yetib, bu unga Xitoy (17,7 foiz) va Rossiya (17,2 foiz)dan so‘ng uchinchi o‘rinni egallash imkonini berdi.

Biroq, elchining fikriga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun imkoniyatlar yetarlicha. "Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyidagi uchrashuvi davomida har yillik tovar aylanmasini 5 milliardga yetkazish haqida qaror qabul qilingan. Bu vazifa har ikki davlat bosh vazir o‘rinbosarlari A.Mamin va R.Azimov tomonidan 22 sentabr kuni imzolangan va o‘zaro savdo uchun muhim bo‘lgan - "Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari" hujjatiga asos qilib olingan", - deya ta'kidlab o‘tdi Utembayev.
 

Mavzuga oid