Jahon | 12:39 / 25.12.2016
15254
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston MSK prezidentlikka 4 nomzodni ro‘yxatga oldi

Foto: © RIA Novosti

24 dekabr kuni Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi kelasi yil 12 fevralida bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayonini boshladi.

MSK 4 nafar nomzodni ro‘yxatga oldi. Bular mamlakatning amaldagi rahbari, Demokratik partiya vakili Gurbanguli Berdimuxamedov, "Rysgal" tijorat banki aksionerlari boshqaruvi raisi, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi nomzodi Bekmirat Ataliyev, Agrar partiyaning Mari viloyati bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Durdiklich O‘razov va Oziq-ovqat sanoati Davlat birlashmasi rahbari o‘rinbosari Maksat Annanepesov. U fuqarolar tashabbusi bilan o‘z nomzodini ilgari surgan.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxatga olinganidan so‘ng, prezidentlik tashviqot kampaniyasi boshlanadi. Nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan boshlanuvchi saylovoldi tashviqoti saylovga bir kun qolganida yakunlanadi. 

Respublika Konstitutsiyasiga muvofiq, Turkmanistonda tug‘ilgan, 40 yoshga to‘lgan, davlat tilini yaxshi bilgan, oxirgi 15 yilda mamlakatda istiqomat qilgan va ishlagan fuqaro prezidentlikka saylanishi mumkin. Yangi prezident 7 yilga saylanadi va qasamyod qabul qilganidan keyin lavozimiga kirishadi. 

Berdimuxamedov uchun bu prezident saylovlari uchinchisi bo‘ladi, u birinchi marta 2007 yilda, ikkinchi marta esa 2012 yilda saylovlarda ishtirok etgan.

Mavzuga oid