Afg‘onistonning birinchi ayol uchuvchisi AQShdan boshpana so‘radi
Afg‘oniston harbiy amaldorlari AQShga afg‘on harbiy havo kuchlaridagi birinchi ayol uchuvchining boshpana so‘rab yo‘llagan arizasiga rad javobi berilishini talab qilib murojaat qilishdi. Gap kapitan Nilufar Rahmoniy haqida bormoqda, deb yozadi The New York Times.
Rahmoniy amerika hukumatiga joriy yilning yoz oyida boshpana so‘rab murojaat qilgandi. Uning ma'lum qilishicha, Afg‘onistondagi uning oilasiga tahdidlar bilan chiqishgan. Shuningdek, qizning so‘zlariga ko‘ra, hamkasblari uni nazar-pisand qilishmagan. U so‘nggi 15 oy davomida Florida va Texas shtatlaridagi aviabazalarda tayyorgarlikdan o‘tdi.
Afg‘oniston mudofaa vazirligi esa ayolning so‘zlarini rad etgan.
«Ishonchim komilki, u yolg‘on gapirdi. Bu boshpana berilishi uchun qilingan nayrangdir. Uning HHKdagi xizmati davomida xavfda qolgani borasida hech qanday isbotlar yo‘q. Amerikalik do‘stlarimiz va hukumatidan uning iltimosnomasiga rad javobi berishlari va ortga qaytarib yuborishlarini talab qilamiz. Sababi kapitan Rahmoniyning hayotiga hech narsa xavf solmayapti», - deya aytib o‘tdi mahkama matbuot kotibi general Muhammad Radmonish.
Nashrning ta'kidlashicha, Afg‘onistonda deyarli hech kim ayolning bunday qarorini qo‘llab-quvvatlamagan. Shuningdek, mamlakatda uning iltimosnomasi afg‘on uchuvchilarining mamlakat tashqarisida tahsil olish jarayoniga ta'sir ko‘rsatishi borasida ham xavotirlar paydo bo‘ldi.