Jamiyat | 09:27 / 26.12.2016
9911
2 daqiqa o‘qiladi

NASA Saturn sayyorasining tabiiy yo‘ldoshi suratlarini taqdim etdi

Foto: HACA

Cassini stansiyasi Saturn sayyorasining tabiiy yo‘ldoshi – Pandoraning o‘ta sifatli suratlarini olishga muvaffaq bo‘ldi. Yo‘ldosh noto‘g‘ri shaklda bo‘lib, ba'zida Saturn XVII deb ham ataladi hamda uning F halqasiga ta'sir ko‘rsatadi. Fotosurat NASA saytida chop etilgan.

Surat 2016 yilning 18 dekabr kuni olingan. O‘shanda Cassini Pandoraga o‘zining missiyasi davomidagi barcha vaqt ichida eng yaqin masofa – 40,5 ming kilometrga yaqinlashdi. Tasvir kengligi esa bir pikselga 240 metrni tashkil qiladi.

Ma'lumot uchun, Cassini-Huygens missiyasi – NASA va Yevropa fazoviy agentligining qo‘shma loyihasidir. Uning asosiy maqsadi – Saturn, uning halqalari va sayyoraning eng yirik yo‘ldoshi - Titanni tadqiq qilishdan iborat.

Shu maqsadda Floridadagi Kanaveral burunidan 1997 yilning 15 oktabr kuni avtomatik fazo kemasi parvozga chiqarilgan. U Saturn orbitasiga 2004 yilning 1 iyul kuni chiqib, 2004 yilning 25 dekabr kuni undan Huygens zondi ajralib chiqdi. Aynan u 2005 yilning 14 yanvar kunida Titan yuzasiga qo‘ngandi.

 

Mavzuga oid