O‘zbekiston | 22:22 / 27.12.2016
53750
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda firibgarlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Foto:Getty images

O‘zbekistonda firibgarlik bilan shug‘ullangan jinoyatchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. U “Narodnoye slovo” gazetasida e'lon qilingan va 27 dekabrdan kuchga kirgan.

Oliy majlis Qonunchilik palatasi 6 oktabrda qonun loyihasini qabul qilgan, Senat 12 oktabrda hujjatni tasdiqlagan edi. 

Shunday qilib, qonunga binoan, Jinoyat kodeksining «Firibgarlik» moddasiga tuzatishlar kiritildi. Unga ko‘ra, firibgarlik, ya'ni birovning mulkini yolg‘on yoki ishonchga kirish vositasida egallash yoxud begona mulkga egalik huquqini qo‘lga kiritish, eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha erkinligini cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. 

Bir guruh kishilar tomonidan avvaldan til biriktirilgan yoki kompyuter texnikasidan foydalanilgan holda yirik miqdorda amalga oshirilgan firibgarlik uchun eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha erkinligi cheklanishi yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.

Ayni jinoyat yirik miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoki xizmat lavozimidan foydalangan holda amalga oshirilsa, eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 8 yilgacha ma'lum bir huquqdan mahrum etilgan holda ozodlikdan mahrum etishga asos bo‘ladi. 

O‘ta xavfli retsidivist yoki uyushgan guruh tomonidan yoxud shunday guruh manfaati uchun sodir etilgan yirik miqdordagi firibgarlik eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazo chorasini qullashga sabab bo‘ladi. 

Yetkazilgan zarar qaytarilganda erkinlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etish jazolari qo‘llanilmaydi. 


 

Mavzuga oid