Jamiyat | 23:30 / 29.12.2016
52258
17 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tasnifi bo‘yicha Yil kishisi

Har bir yil yakunida o‘tib borayotgan yil sarhisob qilinadi, undagi ijobiy va salbiy natijalar yana bir bora ko‘zdan kechiriladi, baho beriladi. Mazkur tamoyilga rioya qilgan holda Kun.uz tahririyati o‘z tasnifi bo‘yicha 2016 yildagi ko‘p e'tiborda bo‘lgan kishilar ro‘yxatini tuzishga qaror qildi.

                                    

​​​O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma'lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent. Oilali, uch farzandning otasi.

2016 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19 oktabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s'yezdida siyosiy kengash a'zosi Shavkat Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Mirziyoyev 2016 yil 8 sentabrda mamlakat Prezidenti v.b. lavozimiga kirishganidan respublikada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishda boshqaruvning yangi shakllarini joriy qila boshladi. Xususan, “Virtual qabulxona”ning tashkil etilishi buning yorqin misolidir.  

Bundan tashqari, Sh.Mirziyoyev keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rayapti.

Donald Jon Tramp

Foto: EPA

AQShning yangi saylangan prezidenti. U 1946 yil 14 iyunda Nyu Yorkning Kuins borosida tavallud topgan. Amerikalik milliarder tadbirkor va siyosatchi. U 2015 yil iyunida Respublikachilar partiyasidan mamlakat prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilganini bildirganida, aksariyat siyosatchilar, ekspertlar, AQShning yetakchi OAV uning imkoniyatlarini juda past baholashgan edi. Biroq Respublikachilar partiyasida o‘tkazilgan praymeriz natijalariga ko‘ra, partiyadan nomzod sifatida ilgari surildi. Respublikachilar partiyasining oliy rahbarlik elitasi, Demokratik partiya namoyondalarining keskin tanqidlariga qaramay, o‘z maqsadi sari jiddiy kurashdi va 2016 yil 8 noyabrdagi prezidentlik saylovida asosiy siyosiy raqibi, demokrat nomzod Hillari Klintonni mag‘lub etib, AQSh rahbarligiga saylandi. U 2017 yil 20 yanvarida lavozimiga kirishadi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an

Foto: EPA

Turkiya prezidenti, davlat va siyosat arbobi. U 1954 yil 26 fevralda Istanbul shahrida tug‘ilgan. U 2003 yil martidan 2014 yil avgustiga qadar Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbari sifatida Turkiya bosh vaziri lavozimini egallab keldi. So‘ngra, mamlakat prezidentligi uchun ilk bora o‘tkazilayotgan umummilliy saylovda qatnashish niyatini bildirib, o‘z nomzodini ilgari surdi. O‘zining mustaqil siyosat yuritishi bilan tanilgan Erdo‘g‘an Turkiya tarixida ilk marotaba bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 52 foiz ovoz to‘plab, umumxalq prezidenti, deya e'tirof etildi. U o‘zining Bosh vazirlik vaqtida olib borgan siyosatini davom ettirish bilan birga qo‘shnilar bilan yomonlashgan munosabatlarni tiklashga qaror qildi. 2016 yil 27 iyunda jahon siyosat maydonida yana bir shov-shuvli yangilik paydo bo‘ldi. 2015 yil noyabr oyi oxirida yuz bergan hodisadan 7 oy o‘tgach, Turkiya Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga qaror qildi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putinga yo‘llagan maktubida Su-24 samolyoti urib tushirilgani uchun uzr so‘radi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tiklashga chaqirdi. Rossiya tomoni bu chaqiriqni ijobiy qabul qildi. Bundan tashqari, Isroil bilan ham aloqalarni tiklash, Misr bilan hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini bildirdi. Shu bilan birga, 16 iyuldagi harbiy davlat to‘ntarishiga urinishni muvaffaqiyatli bostirdi. Hozirda Suriyadagi inqirozga siyosiy barham berish borasida faollik ko‘rsatmoqda.

Julian Assanj

Foto: © RIA Novosti

WikiLeaks rahbari va asoschisi Julian Pol Assanj 1971 yil 3 iyulda Avstraliyada tavallud topgan. Assanj tahririyatimiz nazdida yildagi eng ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri bo‘ldi. Jurnalist, dasturchi, maxfiy va jinoiy ma'lumotlarni oshkor qiluvchi sayt asoschisi 2012 yildan Ekvadorning Londondagi elchixonasida kun kechirib keladi. BMT ishchi guruhi 2016 yil fevralida uning erkinligi cheklanishini noqonuniy va xalqaro huquq me'yorlariga zid keladi, deb topdi. U bu yilgi AQSh prezidentligi sayloviga jiddiy ta'sir ko‘rsatishga urindi hamda Demokratlar nomzodi Hillari Klinton va uning saylovoldi shtabi rahbari Jon Podestaning elektron maktublarini e'lon qildi. Garchi AQSh tomoni Demokratik partiya serverlariga xakerlik hujumlari amalga oshirilishida Rossiya hukumatini ayblagan bo‘lsa-da, Assanj vaqti kelganda ushbu ma'lumotlar manbasi ma'lum qilinishini ta'kidlagandi. AQSh prezidentligi uchun saylovlar yakuniga yetgach, bir vaqtlar Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Kreyg Myurrey, Demokratik partiya ma'lumotlarini shaxsan uning o‘zi Vashingtondagi universitetlardan biri yaqinidagi o‘rmonda, Hillari Klinton shtabida ishlaydigan kishining vakilidan olganini ma'lum qildi.   

 Pak Kin Xe

Foto: © AP

Janubiy Koreyaning ilk ayol prezidenti. Ayni vaqtda unga mamlakat parlamenti tomonidan impichment qo‘llanilgan. Koreya respublikasining sobiq diktator hukmdori Pak Chon Xining oilasida 1952 yil 2 fevralida dunyoga kelgan Pak Kin Xega ishonchsizlik votumi e'lon qilinishiga korrupsiya bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgani sabab bo‘ldi. U 2012 yil 19 dekabrdagi mamlakat prezidentligi uchun saylovda Senuri partiyasidan nomzod sifatida qatnashib, 51,55 foiz saylovchilar ishonchiga sazovor bo‘lgan edi. 2016 yil oktabrida Pak Kin Xe davlat rahbarligi vaqtida o‘ziga yaqin bo‘lgan do‘stlari ta'sirida bo‘lganiga oid taxminlar paydo bo‘ldi. Uning do‘stlari orasida yoshlikdan dugonasi bo‘lgan Chxve Sun Sil nomi ham bor edi. Mojaroli vaziyat bo‘yicha ayrim OAV o‘z surishtiruvlarini o‘tkazgan vaqtda Chxve Sun Sil jamg‘armasiga tegishli planshet topib olindi. Unda prezident Pak Kin Xe tomonidan turli axborotlar, ma'lumotlar tahrirlash va tuzatishlar kiritish uchun dugonasiga berilgani ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, qurilmada prezidentning yaqin doirasiga kirgan noma'lum kishilar, aniqrog‘i, qohinlar, shomonlar, folbinlar, sekta a'zolari va jigololar (keksa ayollarga jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi erkaklar)ning ism-shariflari ham aniqlandi. Chxve Sun Sil jamg‘armasiga mamlakatdagi yirik kompaniyalar xayriya mablag‘lari o‘tkazgani fosh bo‘ldi. Huquq idoralari bu mablag‘lar davlat rahbari ta'sirida o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.

Mamlakatning Seul va boshqa shaharlarida Pak Kin Xe iste'fosini talab qilib ko‘p ming sonli namoyishlar tashkil etildi. Shunga qaramay, prezident qilgan xatosini tan olib, jamoatchilikdan kechirim so‘radi. Biroq shu bilan hammasi tinchimadi, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolmadi. Shundan so‘ng, 29 noyabrda Pak Kin Xe mamlakat parlamentiga murojaat qilib, uni iste'foga chiqarishni so‘radi. Muxolifatdagi Demokratik partiya uning bu murojaatini tanqid qilib, impichmentdan qutilib qolish uchun urinish sifatida baholadi.

2016 yil 9 dekabrda Koreya Respublikasi parlamenti prezidentga impichment e'lon qilish bo‘yicha ovoz berdi. Ushbu qonun loyihasini 234 deputat qo‘llab-quvvatladi. Endilikda impichment qarorini mamlakat Konstitutsiyaviy sudi tasdiqlashi yoki rad etishi kerak. Buning uchun ko‘pi bilan 6 oy muhlat beriladi. Bungacha prezident vazifasini Bosh vazir bajarib turadi. 

 Devid Kemeron

Foto:kp.ru

Buyuk Britaniyaning 1812 yildan buyongi tarixidagi eng yosh sobiq bosh vaziri. U siyosatga zamonaviy, ammo o‘ziga xos uslubda yondashgan siyosatchilardan biridir. Birlashgan Qirollikdagi konservativ partiyaning ko‘zga ko‘ringan namoyondasi. Kemeron bosh vazirlik lavozimini egallagan vaqtda, Britaniya iqtisodiyoti qiyin damlarni boshidan kechirayotgan edi. U mamlakatda qat'iy iqtisod tartibini joriy qilgani aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ular, hukumatni, oddiy odamlar emas, balki siyosiy elitani qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblashdi.

Bungacha Devid Kemeron konservativ partiya safidagi mashhur siyosatchiga aylangan va saylovchilar orasida ko‘plab tarafdorlarga ega edi. 2010 yilda hukumat rahbari va leyboristlar partiyasi yetakchisi Gordon Braun iste'foga chiqqanidan so‘ng, qirolicha Yelizaveta Ikkinchi unga hukumatni shakllantirishni ishonib topshirgan. O‘zini yevroskeptik deb atagan Kemeron YeI bilan chuqur integratsiyaga qarshi chiqib kelgan. Biroq aynan shunga o‘xshash omil uning bosh vazirlik lavozimini tark etishiga turtki bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2016 yil 23 iyunda Buyuk Britaniyada qirollikning YeI tarkibidan chiqishi bo‘yicha Brexit referendumi bo‘lib o‘tdi. Bu borada mamlakatning tashkilotdan chiqishi zararli ekanini saylovchilar orasida keng targ‘ib qildi. Ammo referendum natijalariga ko‘ra, YeIdan chiqishni xohlovchilar soni ko‘pchilikni tashkil etgani sababli o‘z lavozimidan iste'fo berishga qaror qildi. Uning o‘rnini bu paytda ichki ishlar vaziri lavozimida bo‘lgan Tereza Mey egalladi va Birlashgan qirollik tarixida Margeret Tetcherdan so‘nggi ikkinchi ayol bosh vazir bo‘ldi.

Dilma Rousseff

Foto: © RIA Novosti

2016 yilda yana bir davlat rahbari korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinib, mamlakat parlamenti tomonidan unga nisbatan impichment akti qo‘llanildi. Bu ham bo‘lsa Braziliyaning sobiq prezidenti Dilma Rousseffdir. Dastlab mamlakat parlamenti Senati 12 maydagi majlisida  uni 6 oy muddatga vazifasidan ozod qildi. Davlat rahbari vazifasini Mishel Temer vaqtincha bajaradigan bo‘ldi. 31 avgust kuni Braziliya Senati mamlakat prezidenti Dilma Rousseffga nisbatan impichment qo‘llash xususida yakuniy qaror qabul qildi. Shu bilan mamlakat prezidentligi Mishel Temerga o‘tdi. U bu vazifani 2019 yil 1 yanvarigacha bajaradi. Siyosiy inqirozga Dilma Rousseff Petrobras davlat neft kompaniyasini boshqargan vaqtida korrupsiyaga aralashib qolganiga doir gumonlar sabab bo‘ldi.

Xuan Manuel Santos

2016 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos. Ushbu davlat rahbari mamlakatdagi so‘l radikal kayfiyatdagi isyonchi FARC – Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha oldi. Bu esa mamlakatda yarim asrdan ortiq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan ichki qurolli nizoga barham berishi mumkin. Aynan shu kelishuv Nobel jamg‘armasi hay'atining Tinchlik mukofoti sohibini aniqlashda hal qiluvchi o‘rin tutdi.

Ilon Riv Mask

Foto: Reuters

Kanada-amerikalik muhandis, tadbirkor, ixtirochi va sarmoyador; milliarder. SpaceX va X.com (so‘nggisi Confinity bilan birlashgan, PayPal deya qayta nomlangan va 2002 yilda 1,5 mlrd dollarga sotib yuborilgan) kompaniyalari asoschisi. Bundan tashqari, u Tesla Motors elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya direktorlar kengashini boshqaradi. Shuningdek, Ilon Mask amakivachchalari tomonidan asosslingan SolarCity kompaniyasi direktorlar kengashi a'zosidir. Forbes jurnali milliarderning 2016 yildagi boyligini 10,7 mlrd dollar deb baholadi. Ilon Mask fazoviy parvozlar qiymatini o‘n martagacha qisqartirish va kosmik turizmni rivojlantirish, Mars sayyorasiga ko‘ngillilar safarini tashkil etish bo‘yicha maqsadini amalga oshirish borasida jiddiy ishlarni amalga oshirdi. U 2016 fevralida Hongkongda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida 2020-2025 yillarga borib uning kompaniyasi Marsga parvozni amalga oshirishi mumkinligi haqida bayonot berdi.

 Krishtianu Ronaldu

Portugaliyalik futbol yulduzi, Portugaliya terma jamoasi va Madridning «Real» qirollik klubi hujumchisi. U Portugaliya terma jamoasi safida Yevro-2016 musobaqasi g‘olibi bo‘ldi. France Football jurnali tasnifi bo‘yicha yilning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi va o‘z faoliyatida to‘rtinchi marotaba «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Globe Soccer Awards tasnifi bo‘yicha, UYeFA va FIFAning 2016 yildagi eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi.

 Hasanboy Do‘smatov

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi tomonidan O‘zbekistonning 2016 yildagi eng yaxshi sportchisi deb topilgan Hasanbay Do‘smatov Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari boks musobaqalarida 49 kg vazn toifasida kolumbiyalik Yuberxen Xerney Martinesga qarshi final jangini o‘tkazib, Olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritdi hamda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga hissasini qo‘shdi.

 Ruslan Nuriddinov

Mazkur Olimpiya musobaqalarida O‘zbekiston jamoasiga ilk oltin medalni olib bergan va og‘ir atletikaning 100 kgdan og‘ir vazn toifasida Olimpiya rekordini yangilagan og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov ham shunday e'tirofga loyiqdir.

O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi

Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi XV Paralimpiya o‘yinlarida juda muvaffaqiyatli qatnashib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasini, biror a'zosini ajratmasdan qo‘shishga qaror qildik. Zero, O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi musobaqa dasturiga kiritilgan sportning 5 ta turida (yengil atletika, suzish, dzyudo, o‘q otish, og‘ir atletika) 32 sportchi bilan ishtirok etdi. Sportchilarimiz Paralimpiya o‘yinlarining 31 medalini ( 8 ta  oltin, 6 ta kumush, 17 bronza) qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 200 yaqin ishtirok etgan davlatlar orasida 15-o‘rinni (medallar soni bo‘yicha 12-o‘rin), Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni, MDH davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Ukraina, 171 sportchi bilan ishtirok etgan), Osiyo davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Xitoy, 326 sportchi bilan ishtirok etgan) qo‘lga kiritdi. Dzyudo sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashdi. Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o‘yinlari, 12 ta Osiyo rekordi o‘rnatildi. Shu vaqtga qadar birorta davlat vakillari, ya'ni ishtirokchilar soni va qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha bunday natija qayd etishmagan.

Mavzuga oid