Sport | 09:57 / 02.01.2017
7394
2 daqiqa o‘qiladi

Vitsel qahramonlik qila olmadi

Rossiya chempionati yulduzlaridan yana biri kuchli beshlikni emas, xitoyliklarning pullarini tanladi. 

«Zenit»ning belgiyalik yarim himoyachisi Aksel Vitsel Italiyaning «Yuventus» jamoasiga emas, Xitoyning «Tyantszin Tsyuantszyan» jamoasiga o‘tadi.

27 yoshli ushbu xavbek Fabio Kannavaro bosh murabbiy sifatida ishlayotgan jamoa bilan 3 yillik shartnoma imzolagan. Futbolchi «Shanxay Telleys» taklifini ham rad etgan.

Yarim yildan keyin piterliklar jamoasini erkin agent sifatida tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchini jamoa 7 million yevroga pullagan. Shuningdek, qo‘shimcha maoshlar ham ko‘zda tutilgan. Futbolchining o‘ziga 25 million yevro miqdorida yillik maosh tayinlangan.

Avvalgi xabarlarda Xitoy klublari Vitsel uchun yiliga 18 million yevro to‘lashga tayyor kani xabar qilingandi. «Tyantszin Tsyuantszyan» Xitoy Superligasining debyutanti hisoblanadi.

Futbolchi uni qo‘lga kiritish uchun 1 yildan buyon harakat qilib kelgan «Yuventus»dan uzr so‘ragan.

Tuttosport nashri belgiyalik futbolchining Turin klubiga aytgan quyidagi so‘zlarini keltirdi: «Afsus, ammo bunday takliflarni rad qilib bo‘lmaydi».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid