Fan-texnika | 18:22 / 05.01.2017
7587
3 daqiqa o‘qiladi

Qualcomm Snapdragon 835 rasman taqdim etildi

Foto: Qualcomm

AQShning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tayotgan elektronika va yuqori texnologiyalar sohasidagi CES 2017 xalqaro ko‘rgazmasida Snapdragon 835 protsessorining rasmiy taqdimoti o‘tkazildi. Albatta, kompaniya 2017 yildagi eng qimmat va eng kuchli smartfonlarning asosini tashkil etuvchi platforma haqidagi ma'lumotlarni o‘tgan yilning noyabr oyidayoq e'lon qilgan edi. 

Snapdragon 835 protsessori - FinFET 10-nm texnologiyasidan foydalanilgan holda ishlab chiqilgan ilk platformadir: hajmi avvalgilaridan 35 foizga kichik chip o‘tgan yilning eng qimmat smartfonlarida qo‘llanilgan Snapdragon 820/821 bilan taqqoslaganda 25 foizga kamroq energiya sarflaydi. 

Snapdragon 835 chipining yana bir e'tiborli jihati, u faqatgina smartfonlar uchun mo‘ljallanmagan. U virtual va qo‘shimcha reallik displeylari, IP kameralar, planshetlar, mobil kompyuterlar va boshqa Android hamda Windows 10 dasturiy ta'minotlarida ishlaydigan iste'mol qurilmalarida qo‘llanilishi mumkin. Shunday ekan, Qualcomm negizidagi Windows 10 kompyuterlari tez orada paydo bo‘lsa, ajablanarli emas. 

Snapdragon 835 protsessorining asosiy tarkibi gigabitli LTE X16 modemi, Adreno 540 grafik protsessori va Qualcomm Spectra 180 tasvirlarni ko‘rsatish protsessoridan iboratdir.
                                       
Snapdragon 835ning texnologik farqli jihatlari esa quyidagilardan iborat:

Snapdragon 835 avvalgisidan 25 foiz kamroq energiya sarflaydi. Bundan tashqari, chip Qualcomm Quick Charge 4 texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, Quick Charge 3.0 ga nisbatan 20 foizga tezroq va 30 foizga samaraliroq quvvatlantiradi. 

Yangi avlod virtual reallik qurilmalariga to‘liq moslasha oladi, Google kompaniyasining Daydream platformasi bilan uyg‘unlikda ishlashi mumkin.
                
Video va fotosuratlar uchun 14 bitli (dual 14-bit ISPs) Qualcomm Spectra 180 kamera protsessori qo‘llanilgan, u 32 megapikselli yoki ikkita 16 megapiksekli kameraga ega bo‘lish imkonini beradi.

Snapdragon 835 gigabitli X16 LTE modemi va 2x2 802.11ac Wave 2 hamda 802.11ad multigigabitli Wi-Fi bilan jihozlanadi. 

Hozirda, Snapdragon 835 ishlab chiqarish jarayonida bo‘lib, uning negizidagi tijoriy mahsulotlar 2017 yilning birinchi yarmida ishlab chiqarila boshlanadi. Ular orasida- Samsung Galaxy S8, LG G6, HTC 11, Sony Xperia XZ (2017), ASUS Zenfone AR kabi top modellar bor. 

 

Mavzuga oid