Jahon | 15:06 / 06.01.2017
20409
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi o‘zgaradimi?

AQShning dunyodagi turli mamlakatlarda faoliyat yurituvchi elchilari o‘z vazifalarini topshirib, vatanlariga 20 yanvarga qadar yetib kelishlari kerak. Bunday farmon Trampning o‘tish ma'muriyati tomonidan berilgan, deb xabar beradi New York Times nashri amerikalik diplomatlarga asosan. 

Unga ko‘ra, AQShning barcha elchilari yangi prezidentning inauguratsiyasiga, ya'ni 20 yanvarga qadar Amerikaga qaytib kelishlari belgilab qo‘yilgan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, buyruq “barchaga tegishli” bo‘lib, asosan Barak Obama tomonidan o‘z lavozimlariga tayinlangan elchilarni ko‘zda tutadi. Elchilar orasida Kosta-Rika, Chexiya, Belgiya, Yangi Zelandiya, BMTning Jyenevada joylashgan qarorgohidagi va boshqa diplomatlar bor.

“Siyosiy” elchilar prezident mandati yakunlangach, o‘z lavozimlaridan ketadi. Shuningdek, hukumat almashganiga qaramay o‘z vazifalarini bajarib qoluvchi professional diplomatlar ham bor, deya ta'kidlaydi gazeta.

Tramp jamoasi vakilining ma'lum qilishicha, bunda yomon niyatni ko‘rish kerak emas: Obama tomonidan o‘z vazifalariga tayinlangan elchilar Oq uy va federal mahkamalardagi minglab siyosiy amaldorlar kabi o‘z ishidan ketadi. 

“Siyosiy” elchilar bunday keskin talablarni qayta ko‘rib chiqish uchun AQShning bo‘lajak davlat kotibi Reks Tillerson yoki Trampning o‘tish ma'muriyati vakillaridan biriga murojaat qilishlari mumkin, deb yozgan nashr.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘langanimizda bu holat mamlakatning yurtimizdagi elchisiga tegishli bo‘lmasligi haqida ma'lum qilishdi. 2014 yilning 18 dekabr kuni o‘z vazifasini boshlagan Pamela Spratlen O‘zbekistonda qoladigan bo‘ldi.

AQSh elchixonasi bu vaziyat yuzasidan "Kun.uz"ga shunday izoh berdi: “Biz elchi Spratlen AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib o‘z xizmatini davom ettirishini kutmoqdamiz. Elchi Spratlen karera diplomati hisoblanadi. Bu esa uni siyosiy tayinlov bilan lavozimga kirishganlardan farqli ravishda, prezidentning 20 yanvar kuniga belgilangan inauguratsiyasiga qadar iste'foga chiqish bo‘yicha amaldagi talablardan ozod etadi”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid