Jahon | 20:33 / 06.01.2017
16519
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Terrorchilarni Turkiyaga qarshi qurollantirishmoqda

Turkiyada hujumlarni amalga oshirayotgan terrorchilik tashkilotlari bitta markazdan nazorat qilinadi. Terrorchilarni qurollantirib, moliyalashtirishadi. Bundan ko‘zlangan maqsad – Turkiyani tiz cho‘ktirish. Biroq bu amalga oshmaydi va Turkiya o‘z yo‘lida davom etadi, deb aytib o‘tdi mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shanliurfa viloyatida chiqish qilarkan.

«Kurdiston ishchi partiyasi, IShID va FETÖ (Fathulloh Gulenning oqimi) terrorchilari Turkiyaga zarar yetkazish harakatida. Hech kim bu terrorchilik tashkilotlari ma'lum bir kuchlar tomonidan moliyalashtirilishi hamda qurollantirilishini inkor eta olmaydi. Turkiyaga qarshi ochiqdan-ochiq qarshi chiqishga qo‘rqqanlar, o‘z maqsadlariga terrorchilar yordamida erishish istagida», - dedi prezident.

«Turkiya dushmanlari qattiq xato qilishmoqda. Turk xalqi o‘z tarixi davomida hech bir dushman qarshisida tiz cho‘kmagan», - dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaga hujum qilayotgan terrorchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar ertaga aynan shu terrorchilar tahdidiga duch kelishadi.

Erdo‘g‘an Turkiya dushmanlari o‘zlari yoqqan olovdan o‘zlari yonib, kulga aylanishlarini aytib o‘tdi. «Turkiya davlati va xalqining birdamligi sabab mamlakatimiz bugun juda kuchli. Davlatimiz barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, ko‘zlagan maqsadiga erishadi», - ta'kidlab o‘tdi prezident.

«IShID bilan kurash niqobi ostida har kuni Suriya hududlarini bombardimon qilayotganlarning asl maqsadi Turkiya bu mamlakatda terrorchilar bilan kurash boshlaganidan so‘ng oshkor bo‘ldi. Kecha Anqarani IShID bilan kurashishda istamaslikda ayblaganlar, bugun Turkiyadan Suriya hududiga 20 kilometrdan ichkariga kirmaslikni talab qilmoqda. Biroq biz IShID to‘la yo‘qolgunga qadar kurash olib boramiz», - dedi prezident.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Iroqning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri – Mo‘sulda terrorchilikka qarshi amaliyot Turkiyaga zarar yetkazishni ko‘zda tutgan. Shundan so‘ng u sekinlashib, Raqqadagi amaliyot ham qoldirildi. «Agarda siz IShIDni o‘zingiz kurashayotgan obekt deb e'lon qilgan bo‘lsangiz, nima uchun kurashni to‘xtatib qo‘ydingiz?», - degan davlat rahbari.

«Turkiya o‘z maqsadiga yaqin qolganini tushungach, rejalar qayta ko‘rib chiqildi. Biroq biz kurash boshladik va uni Al-Bob hamda Munbichni terrorchilardan ozod etmagunga qadar to‘xtatmaymiz», - qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.

«Turkiya va uning xalqini fitnalar, terrorchilik yoki iqtisodiy muammolar bilan yo‘q qilish mumkin emas», - degan prezident.

 

Mavzuga oid