Fan-texnika | 17:32 / 06.01.2017
5782
2 daqiqa o‘qiladi

Intel kompaniyasi elektronika ko‘rgazmasida o‘ta ingichka mahsulotini namoyish qildi

AQShda bo‘lib o‘tayotgan CES-2017 ko‘rgazmasida qatnashayotgan Intel kompaniyasi ham o‘zining eng yangi ishlanmalarini namoyish etmoqda. Ulardan biri mitti hisoblash platformasi bo‘lib, juda kichik o‘lchami sababli Compute Card deb nomlangan. Uning o‘lchami - 95 x 55 x 5 mmni tashkil etadi. O‘ta yuqa korpusga bir kristalli Intel tizimi, operativ xotira, doimiy xotira va Wi-Fi moduli joylashadi.

Platformaning kichik hajmi uni aqlli muzlatgichlar, televizorlar, interaktiv axborot kioskalari, videokuzatuv va boshqa turli asbob-uskunalarga o‘rnatish imkonini beradi. Agar, Compute Card samaradorligi ma'qul kelmasa, uni boshqasi bilan almashtirish mumkin. 

Intel allaqachon ishlab chiqaruvchilar bilan bu borada muzokaralar olib bormoqda. Ular, o‘zlarining mahsulotini Compute Card uchun moslashtirish ustida ish olib borishmoqda. Hamkorlikka qiziqish bildirayotgan kompaniyalar orasida Dell, Sharp, HP va Lenovo kabi taniqli firmalar ham bor. 

Compute Card haqida batafsil ma'lumot keyinchalik e'lon qilinadi. U 2017 yil o‘rtalaridan sotuvga chiqariladi. 

Mavzuga oid