Fan-texnika | 15:44 / 06.01.2017
9752
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota sun'iy aqlga ega kontsept-kar ishlab chiqdi

Yaponiyaning Toyota kompaniyasi Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tayotgan iste'mol elektronikasiga bag‘ishlangan CES-2017 ko‘rgazmasiga sun'iy aqlga ega bo‘lgan kontsept-kar namunasini olib kelgan. Concept-i prototipiga avtopilot o‘rnatilgan bo‘lib, u o‘z egasi va yo‘lovchilarga moslasha oladi. 

Yui deb nomlangan tizim sun'iy aqlni birlashtiradi va amalda avtomobilni to‘liq boshqaradi. Masalan, Yui haydovchini taniy oladi hamda salon chiroqlarini uning xohish istagidan kelib chiqqan holda sozlaydi, asosiy yo‘nalishlar xaritasini aks ettiradi. Tizimga, shuningdek, yuz ifodasi va ovozdan kelib chiqqan holda hissiyotlarni aniqlash texnologiyasi ham kiradi. 

Salondagi yo‘lovchilar bilan muloqot esa, old oyna uzra joylashtirilgan proyektsion displey orqali tovushli xabarlar yoki bevosita qo‘l suyanchig‘idagi harakatlanuvchi yuza vositasida amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, Yui avtomobilning turli xavfsizlik tizimini nazorat qiladi va talab qilinganda muqobil boshqaruvni ishga tushirishi mumkin. 

Toyota Concept-i, shuningdek, o‘z atrofidagi avtomobillar va haydovchilar bilan ham «muloqot» qila oladi. Xususan, avtomobil tashqarisidagi diodli chiroqlar turli ranglarda tovlanishidan uning avtopilot yoki haydovchi tomonidan boshqarilayotganini bilib olish mumkin. Uning orqa tomoniga joylangan displeyda turli matnli xabarlar aks ettiriladi.
 
Kontsept-kar dizayni Kaliforniyadagi Toyota markazida ishlab chiqilgan. Sun'iy aqlni San-Frantsiskodagi Toyota Innovation Hub ishlab chiqqan. 

Mavzuga oid