Fan-texnika | 13:50 / 09.01.2017
8029
2 daqiqa o‘qiladi

Asl va soxta nusxalarni farqlovchi smartfon taqdim etildi

CES 2017 ko‘rgazmasida molekulyar datchik o‘rnatilgan ilk smartfon namoyish etildi. Changhong H2 asl dorilar, qimmatbaho taqinchoqlar va boshqa buyumlarni tarkibiga ko‘ra soxtalaridan farqlash xususiyatiga ega. Bu haqida Phonearena nashri xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, smartfon molekulyar datchik bazasidagi skanerga ega. U infraqizil spektroskopiya texnologiyasi asosida ishlaydi. Datchik predmetga yorug‘lik nurini yo‘naltirib, material spektriga ega bo‘ladi va shunga ko‘ra, uning molekulyar darajadagi tarkibini aniqlaydi. 

Smartfonning funksiyalari ko‘p. U materialning ta'mini "his qila oladi" va bu unga soxta buyumlarni farqlash imkonini beradi. Uni hatto do‘konlardagi qadoqlangan mahsulotlar tarkibini o‘rganish uchun ham qo‘llash mumkin. Ishlab chiqaruvchilar nitratsiz mevalar xarid qilish uchun smartfondan foydalanishni tavsiya qilishdi. Shuningdek datchik organizmdagi yog‘ miqdorini ham aniqlay oladi. Bu esa sportchilar va ozishni maqsad qilgan kishilar uchun ayni muddao. 

Mazkur smartfonda dorilar, oziq-ovqat mahsulotlari, qimmatbaho toshlarni ajratish uchun alohida ilovalar mavjud. Kelgusida ularning soni yanada oshadi. 

Changhong H2 smartfoni 2017 yilning boshida Xitoyda sotuvga chiqadi. Keyinchalik boshqa mamlakatlar do‘konlarida ham paydo bo‘ladi. Yangi qurilmaning taxminiy narxi - 400 AQSh dollari.

Mavzuga oid