Sport | 15:03 / 15.01.2017
7974
3 daqiqa o‘qiladi

Klopp bugungi o‘yinda Mourinodan nima kutayotganini aytdi

«Liverpul» bosh murabbiy Yurgen Klopp «Manchester Yunayted»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bu yerga birinchi marta kelganimda, bu o‘yin haqida juda ko‘pchilik bilan gaplashganman, ko‘p ma'lumotlar eshitganman. Bu juda katta o‘yin, futbolchilarim mas'uliyatni yaxshi his qilishadi.

Raqib bilan so‘nggi o‘yinimiz bunaqa bo‘lgandi: «Yo tangrim, biz yana «MYu»ga qarshi o‘ynaymizmi, ammo biz raqobatlashishga tayyormiz. Har bir uchrashuvda, bu o‘yinni ham qo‘shganda maydonda jang qilishni istaymiz.

«MYu»ga qarshi o‘z uyimizda to‘liq ustunlik bilan o‘ynagandik. O‘shanda esa ular bor e'tiborini himoyaga qaratib, qarshi hujumlardan omadini izlab ko‘rgandi. Agar zaruriyat tug‘ilsa yana shunday futbol ko‘rsatishimiz mumkin. Boshqacha bo‘lsa ham o‘ynashga shaymiz. Umuman olganda biz barchasiga tayyormiz.

Ular birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi himoyada o‘yinni tashkillashtirmasliklari mumkin, ammo bunga ishonchim komil emas. Balki siz ular qanday futbol o‘ynashiga 100 foiz ishonchingiz komildir?

Balki ularda o‘yin uchun butunlay boshqa rejalar bordir. Joze – haqiqiy sportchi va u agar yana himoyada avtobus qo‘yib olsa ham, ajablanmagan bo‘lardim. Mourino har doim jangga shay bo‘ladi, ammo biz ham qarab turmaymiz.

Qanchalik imkoniyat bo‘lsa, boricha tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri tarkib tanlagan holda, hakamlarning to‘g‘ri qarorlar chiqarishiga umid bog‘lab qolamiz. Ochig‘ini aytganda, hakamlar borasida hozircha bizga hech ham omad kulib boqmagan», – degan Klopp.

Mavzuga oid