O‘zbekiston | 17:31 / 16.01.2017
47456
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti: Ip-kalavani sotish bilan odamlarni boqa olmaymiz

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

Jumladan, O‘zbekiston rahbari qishloq xo‘jaligi sohasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“2016 yilda qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirildi. 

Shu bilan birga, 2016 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar va ustuvor vazifalarni bajarishni ta'minlamagan ayrim rahbarlarga bugun hukumat majlisida alohida baho berish zarur, deb hisoblayman.
 

Birinchi – bu yer maydonlarini optimallashtirishdagi kamchiliklar. Toshkent, Namangan, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bu jarayon talab darajasida o‘tkazilmagan. 

Xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha nomzodlar tanlashda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. 

Ikkinchi – ayrim fermer xo‘jaliklari yetarlicha aylanma mablag‘lar, zarur texnika va boshqa moddiy-texnik resurslarga ega emas. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga, shartnoma majburiyatlari bajarilishiga va fermer xo‘jaliklarining rentabelligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Uchinchi – ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani va ayrim rahbarlarning, jumladan, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlari sobiq hokimlarining shaxsiy mas'uliyatsizligi sababli bir qator tumanlar va fermer xo‘jaliklarida kutilgan darajada paxta hosili olinmadi. 

Kosonsoy, Angor, Muzrabot, Qiziriq, Sherobod, Quyichirchiq, Qo‘shtepa tumanlarida paxta sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari 60-65 foiz darajasida qolib ketgan. Zarbdor, Paxtakor, Arnasoy, Mirzaobod, Xovos, Sardoba, Guliston, Chust va Bekobod tumanlarida davlat zaxirasi uchun g‘alla yetkazib berish majburiyatlari bajarilmagan. 

Ana shu faktlarning har biri bo‘yicha majlis bayonida prinsipial va qat'iy baho berish zarur. 
 

2017 yilda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, kompaniyalar va boshqa idoralar, shuningdek, barcha bo‘g‘indagi hokimliklar quyidagi strategik muhim vazifalarni amalga oshirishi shart: 

birinchi – ekin maydonlari va ekinlar tarkibini optimallashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish, meva-sabzavot va uzum yetishtirishni ko‘paytirish; 

ikkinchi – fermer xo‘jaliklarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash. Oxirgi 10 yil mobaynida mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va urug‘lik narxining o‘sishi bilan paxta xomashyosi va g‘allani xarid qilish narxlari o‘sishi o‘rtasida keskin farq borligi kuzatilmoqda; 

uchinchi – o‘tgan yillarda Moliya vazirligi va uning huzuridagi Jamg‘arma rahbariyati tomonidan shakllantirilgan, agrotexnika tadbirlarini moliyalashtirishda ijobiy natija bermayotgan va mutlaqo chala tizimga barham berish zarur. 

Necha yildan beri savol beraman: agarki qishloq xo‘jaligi mas'uliyatsizlarcha yondashuv asosida moliyalashtiriladigan bo‘lsa, davlat xaridi uchun mahsulotni qanday yetishtirish mumkin? Bu savolga haligacha aniq javob yo‘q. Nima sababdan? 

Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, Jamg‘arma tomonidan fermer xo‘jaliklariga 300 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan. Tabiiy savol tug‘iladi: agar fermer davlat oldida o‘z majburiyatini bajargan bo‘lsa, nega davlat va uning ba'zi bir rahbar xodimlari bu masalaga befarq va bee'tibor munosabatda bo‘lmoqda? Kim bunga mas'ul? Kim shaxsan javob berishi zarur va shart? 

to‘rtinchi – oxirgi yillarda agrosanoat kompleksida tashkil etilgan yangi boshqaruv organlari faoliyatidagi bir qator muammolarni bartaraf etish yuzasidan qat'iy choralar ko‘rishimiz zarur. 

Eng avvalo, bu o‘rinda gap «O‘zpaxtasanoateksport» kompaniyasi (A.Kamolov) va uning tarkibiga kiruvchi «O‘zpaxtasanoat» (Ya.Xidirov), «O‘zpaxtaeksport» (J.Qodirov) va «O‘zpaxtayog‘» (V.Jo‘rayev) aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida boryapti. 

Ushbu tarmoqlarni modernizatsiya qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan, paxta xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha markazlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar o‘ta qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgan. 

«O‘zbekoziqovqat-xolding» kompaniyasi rahbarlari O.Rustamov va A.Salimovga savollar to‘planib qolmoqda. Meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 20 foizga ham yetmaydi. Yangi texnologiya va standartlar o‘ta sustkashlik bilan joriy etilmoqda. 

Qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarish hajmi keskin pasaygan. Ana shu rahbarlarga nisbatan vaqt va ishonch zaxirasi tez vaqt ichida nihoyasiga yetadi. Ular bundan xulosa chiqarishi zarur. 

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbari I.Haydarov, «O‘zvinosanoat-xolding» – Sh.Rahimov va «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi – M.Mansurov faoliyatida zamonaviy yondashuv va yangiliklar sezilmayapti. 

Aniq faktlarni keltiraman. Eksport tarkibida ip-kalavaning ulushi yuqoriligicha – 53 foiz darajasida qolmoqda. Aholining poyabzalga bo‘lgan ehtiyojini qondirish darajasi 41 foizni tashkil etadi. Uzum yetishtiradigan, vino va aroq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar samarasiz ishlayapti. 

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish Bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev uchun birinchi va jiddiy imtihon bo‘ladi. 

Sizdan yaqin vaqt ichida ularni bajarishni ta'minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab, axborot berishingizni so‘rayman.

Haydarov, ip-kalavani sotish bilan odamlarni boqa olmaymiz. Nima uchun men Bangladeshga shuncha odamni olib borib keldim. Bangladesh hech qanday paxta ekmaydi, lekin tayyor trikotaj mahsulotlarini 40 milliard dollar eksport qiladi deyishyapti. O‘zbekiston bilan Hindistonni paxtasini olib aralashtiradi, tayyorgina sotadi, 40 milliard dollar.

Mansurov, 250 million dollar pul berdik, to‘g‘rimi? Hech qachon bunday narsa bo‘lmagan. Xulosa kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mavzuga oid