Fan-texnika | 15:39 / 19.01.2017
4270
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada milliy internet-qidiruv xizmati ishga tushdi

Turkiyada test rejimida Geliyoo milliy internet-qidiruv tizimi ishga tushdi. Bu mamlakat hukumatida katta qiziqish uyg‘otdi. Haberler yangiliklar portalining xabar berishicha, Turkiya transport, dengiz va kommunikatsiyalar vaziri Ahmad Arslon milliy qidiruv xizmatidan foydalanish davlatga katta foyda keltiradi, deb hisoblaydi. 

"Bu mamlakat uchun juda muhim. Bizning o‘z qidiruv tizimimiz, elektron pochta xizmatimiz bo‘ladi va bu fuqarolarimiz uchun ham qulay. Shuningdek barcha ma'lumotlar xorijda emas, o‘zimizda qayta ishlanishi ham katta ahamiyatga ega", - dedi vazir. 

Geliyoo kompaniyasi rahbari Hoqon Otaboshning ta'kidlashicha, qidiruv tizimini ishlab chiqishga 10 yil va 10 million turk lirasi (2,7 million dollar atrofida) ketgan. "Biz qidiruv tizimini test rejimida ishga tushirdik, 2018 yilga borib esa, 3 million foydalanuvchiga ega bo‘lish va ichki tarmoq segmentning taxminan 7 foizini band qilishni ko‘zlayapmiz", - dedi u. 

Geliyoo rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozircha uning kompaniyasi - Turkiyada milliy qidiruv tizimini ishlab chiqishga qodir yagona kompaniya.

Geliyoo saytida qidiruv tizimi, yangiliklar servisi, forum va elektron savdo portali test rejimida ishlamoqda. Kelgusida kompaniya foydalanuvchilarga elektron pochta servisini taqdim etish va xizmatlar hamda ilovalar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid