Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida Xo‘jayli tumanida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston respublikasiga tashrifi doirasida Xo‘jayli tumani markaziy shifoxonasiga tashrif buyurdi. Zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlangan ushbu muassasa tumandagi 11 qishloq vrachlik punkti va 4 poliklinika bilan birgalikda 130 mingdan ziyod aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda, deb xabar qilmoqda O‘zA agentligi.
Shavkat Mirziyoyev shifoxonadagi sharoit bilan tanishdi, qabul, rentgen, diagnostika va qator boshqa bo‘limlarni ko‘zdan kechirdi. Shifokorlar bilan muloqotda malakali tibbiy kadrlar yetishtirish, tibbiy jihozlardan unumli foydalanish, xizmat malakasini oshirish, shifoxonalar qurishda har bir hududning o‘ziga xos iqlim sharoitidan kelib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng, davlat rahbari “Muruvvat” ayollar internatiga borib, ushbu muassasa faoliyati bilan tanishdi. Shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashib, bu maskanda yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash uchun davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini ta'kidladi.
Tumandagi 69-maktab o‘qituvchilari bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida maktablarning infratuzilmasini yaxshilash, bu yerda litsey va kollejlarning bo‘lg‘usi munosib o‘quvchilarini tayyorlash va umuman Vatan ravnaqi uchun malakali kadrlar tarbiyalash ishlarini takomillashtirish mavzuida so‘z bordi.
Shavkat Mirziyoyev Agrosanoat markazi qurilayotgan uchastkaga ham tashrif buyurdi. 2017-2018 yillarda ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu majmua 11 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash binolari, shuningdek, terminal, yuk tushirish va ortish maydoni, muzxonalar, issiqxonalar, bojxona, angar, mehmonxona, ovqatlanish muassasasi, sport majmuasi kabi inshootlar barpo etiladi.
Shu yerning o‘zida Xo‘jaylida turar-joy infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Davlat rahbari odamlar boshlangan o‘zgarishlarni o‘z hayotida his qilishi uchun joriy yil yakunigacha 40 ko‘p qavatli turar-joy binosi barpo etish va foydalanishga topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.
Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston” qishloq vrachlik punktida ham bo‘ldi. Shifokorlar bilan suhbat asnosida aholining davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashda tibbiyot muassasalari xodimlarining faoliyati alohida o‘rin tutishi ta'kidlandi. Qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan bir qatorda dori-darmon va boshqa zarur ashyolar bilan ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024