Jahon | 09:15 / 22.01.2017
8038
2 daqiqa o‘qiladi

Gambiya sobiq prezidenti Ekvatorial Gvineyaga uchib ketdi

Foto: AP

Gambiyaning vatanini tark etgan sobiq prezidenti Yayya Djamme Gvineyada to‘xtaydi,  so‘ngra Ekvatorial Gvineyaga yo‘l oladi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi. G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (G‘AMIH) shunday ma'lumot tarqatgan. 

19 yanvarda Gambiyaga 7 ming askarini kiritgan tashkilot amaliyotning to‘xtatilgani haqida bayonot berdi. G‘AMIH rahbari Marsel de Souzning Dakar shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, Gambiya hududida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida tashkilotning ayrim kuchlari saqlanib qoladi. 

18 yanvarda Gambiya parlamenti sobiq prezident Yayya Djamme vakolatlarini uzaytirgan va mamlakatda favqulodda holat joriy qilgandi. Djamme 19 yanvarda hokimiyatni saylangan prezident Adame Barrouga topshirishni xohlamagani sabab,  shunday chora qo‘llashga urindi. Shunga qaramay, Barrou 19 yanvarda Gambiyaning Senegaldagi elchixonasida vazifasiga kirishdi. 

20 yanvarga o‘tar kechasi Senegal harbiylari Gambiyaga qo‘shinlarini kiritganini e'lon qildi. So‘ngra, G‘arbiy Afrika mamlakatlari tashkiloti 20 yanvar kunduzi 12:00gacha harbiy amaliyotni to‘xtatib turishini bildirdi. Bu Djammening hokimiyatni Barrouga tinch yo‘l bilan topshirishi uchun imkon berish maqsadida amalga oshirildi. Tashkilot rahbari esa, mabodo Djamme lavozimini tark etmasa, kuch bilan ag‘darilishidan ogohlantirdi. 

21 yanvarda Djammening bayonot berishicha, 22 yillik boshqaruvdan so‘ng, o‘z ixtiyori bilan lavozimidan voz kechishga qaror qilgan. 

Mavzuga oid