O‘zbekiston | 09:16 / 23.01.2017
134690
5 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: «O‘zstandart» rahbarlari pora olib imzo chekavergan

2017 yil 19-20 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari mazkur safari  doirasida respublika xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi. Unda qator dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi, oshkora fikr almashildi. 

Majlis chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kompleks rahbarlarining ushbu mintaqa bo‘yicha axboroti tinglandi, ularga zarur topshiriqlar berildi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulov (“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi - Eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining rahbari) so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘iston respublikasidagi o‘ziga tegishli sohalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchilik xususida so‘z yuritdi. 

“Avvalambor, birinchisi, sifatsiz mahsulot va uskunalarning bozorga chiqqani standartlashtirish sohasiga tegishli bo‘ladi va agentlikning hududdagi laboratoriyasi bugungi zamonaviy talabga umuman javob bermasligi ma'lum bo‘ldi”, - degan Rozukulov.

Shu o‘rinda, Davlatimiz rahbari “O‘zstandart” agentligining joylardagi rahbarlari xususida ochiq va tanqidiy fikrlarini bildirdi.

“Standartning viloyatda o‘tirgan har bir rahbari magazinchi u, bilasizmi, ular soliqchi va boshqalardan ham yomonroq, qo‘l qo‘yib, pora olavergan. Birorta standartga mos bo‘lmasa ham qo‘l qo‘yavergan, bu hayot tarzi bo‘lib qolgan. Siz esa, Ulug‘bek Ubaydullayevich, bu sohani bir yoki ikki yilgina boshqarayotganingiz yo‘q, shunday emasmi?”, - degan Shavkat Mirziyoyev. 

Rozukulov, o‘z hisobotida davom etib, maishiy texnikalar ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammoni televizorlar misolida tushuntirib, ular 500-600 km uzoqlikda chiqarilishi, bu esa mahsulotning tannarxi oshishiga olib kelishini ta'kidladi. 

Shunga ko‘ra, “19,2 mlrd so‘m sarmoya kiritib, televizorlar yig‘ish yo‘lga qo‘yilsa, 300 ish o‘rni bo‘ladi va 82,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, sotish imkonini beradi”, - degan Bosh vazir o‘rinbosari. 

Shundan so‘ng, Rozukulov mashina traktor parklari xususida so‘z yuritdi. 

“Respublikada jami 174 MTP (mashina-traktor parki) va 155 agrotexservis bor. Biz bu borada, ularni optimallashtirish va ixchamlashtirish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Mos kelmaydigan binolarda turganlarini tugatib, barcha sharoitlari bo‘lgan yangi parklarni tashkil etayapmiz”, - degan Bosh vazir o‘rinbosari.

Davlat rahbari bu xususda ham o‘zining tanqidiy fikrlarini bildirdi. 

“Biz borganimizda havo harorati -5-6 daraja bo‘ldi, payvandlash ishlarini olib borayapti. Uni sifati qanday bo‘ladi? Nima uchun bu ishlayapti, desak, bugun birinchi marta osh qilib bergandik, shunga ishga keldi, deyishdi. Bu nimadan dalolat? Tizim yo‘q, Ulug‘bek Ubaydullayevich! Nomiga, hamma narsa, qarsak, qarsak, qarsak...Bu qarsak bilan qayoqqa boramiz?”, - deb ta'kidlagan Prezident. 

Mirziyoyev, shuningdek, Qoraqalpog‘istonning Qangliko‘l tumanini 4 yil mobaynida to‘liq chorvachilik bilan shug‘ullanadigan tumanga aylantirish xususida ko‘rsatma berganini yodga oldi va inson manfaatdor bo‘lmas ekan, ishlamasligiga urg‘u berdi. 

“Odam daromad qilmasa ishlamaydi, 15 sentnerlik paxtadan qachon daromad bo‘ladi, hech qachon bo‘lmaydi, ikkinchidan, oxirgi o‘n yilda reja bajarilmayapti, 50 foizga ham bajarilmayapti, kimga kerak bunaqa tirikchilik?”, - dedi kuyunchaklik bilan Davlat rahbari. 

Shu bilan birga, Mirziyoyevga ko‘ra, hozirgi kundagi eng katta masala, nima ekish va uning bozorini topishdir. 

“Umuman, qizilmiya bo‘yicha men bugun topshiriq berdim, plantatsiya qilish kerak, albatta, qiyin narsa, lekin hayotimiz shu bilan bog‘liq, hozir butun dunyoda shunga talab bor, nimani kutib o‘tiramiz, Qoraqalpog‘istonda, Xudoga ming marta shukr, 65 ming gektar zaxira yeri turibdi. Bu shu respublikaning kelajakdagi boyligi, kerak bo‘lsa”, - degan Shavkat Mirziyoyev. 
 

Mavzuga oid