Jamiyat | 23:12 / 25.01.2017
11103
2 daqiqa o‘qiladi

Kazinform: Aktyor Di Kaprio Ostonaga tashrif buyurishi kutilmoqda

Gollivud aktyori, "Oskar" mukofoti sovrindori va BMTning iqlim muammosi bo‘yicha elchisi Leonardo Di Kaprio Qozog‘iston poytaxti Ostonaga yo‘lbarslar populyatsiyasini tiklash bo‘yicha Qozog‘iston va Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF) o‘rtasidagi kelishuvni imzolagani keladi.

Bu haqda Kazinform axborot agentligi "Yashil iqtisodiyot va G-Global rivojlanishi koalitsiyasi" raisi Saltanat Raximbekovaga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.

Raximbekovaning aytishicha, bir necha yil avval Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi Ili-Balxash viloyatidagi ekotizimning tiklanishi masalalarini ko‘rib chiqish hamda yo‘lbarslar populyatsiyasini yaratish tashabbusi bilan chiqqandi. Biroq o‘shanda bu masala bo‘yicha aniq natijaga erishilmagan. 

"Biz jamg‘arma bilan hukumatimiz va jamg‘arma o‘rtasida loyiha uchun 1-bosqichda 10 mln yevro jalb qilish bo‘yicha kelishuvni tayyorlamoqdamiz", deb aytgan Raximbekova. Taxmin qilinishicha, kelishuv Ostonadagi "Ekspo-2017" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida 8-9 sentabrda imzolanadi.

Raximbekovaning aytishicha, jamg‘armadan delegatsiyaga Niderlandiya malikasi Laurentin boshchilik qiladi. "Tadbirda BMTning iqlim o‘zgarishi va WWF’ning yo‘lbars dasturi elchisi Leonardo Di Kaprio ham bo‘ladi", deb aytgan Raximbekova.

Ili daryosi deltasi va Balxash ko‘lining janubiy sohillari o‘z vaqtida bu yerda turon yoki yana boshqacha aytilganda, kaspiy yo‘lbarsining keng tarqalgani bilan mashhur bo‘lgan. Yillar davomida inson faoliyati va brakonerlik oqibatida bu yo‘lbars turi butkul yo‘qolib ketgan.

Mutaxassislar anchadan beri turon yo‘lbarsini uning tarixiy makonida tiklash dasturini muhokama qilishmoqda. Buning uchun davlat tabiat qo‘riqxonasi yaratish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid