Jahon | 18:18 / 29.01.2017
8511
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh kompaniyalari yetakchilari Tramp siyosatini tanqid qilishdi

Amerikaning ayrim eng yirik kompaniyalari rahbarlari AQSh prezidenti Donald Trampning qochqinlar to‘g‘risidagi farmonini tanqid qiluvchilar safiga qo‘shilishdi. Bu haqda Mashable yozmoqda.

"Apple muhojirlarsiz, gullab-yashnash va rivojlanish bir yoqda tursin, mavjud bo‘la olmasdi", — deya Apple korporatsiyasi rahbari Tim Kuk so‘zlarini keltiradi nashr.

Kukning qayd etishicha, korporatsiyaning ayrim xodimlariga Tramp farmoni bevosita ta'sir qilgan. Kompaniya esa, ularga ko‘mak berish uchun barcha ishni qiladi. Apple rahbarining so‘ziga ko‘ra, korporatsiya Oq uy bilan bog‘langan va farmonning salbiy tomonlari qanday bo‘lishini tushuntirishga uringan. 

Uber taksi xizmati rahbari Trevis Kalanik ham, o‘z navbatida, prezident siyosatidan tashvishini izhor qilgan va uning xodimlari farmon ijrosi doirasiga tushganini aytgan. Kalanikning so‘zlariga ko‘ra, farmon "minglab haydovchilar" faoliyatini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Tramp farmonining tanqidiga Netflix rahbari Rid Xeystings hamda Twitter yetakchisi Jyek Dorsi ham qo‘shilishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar ishlagani sababli, mazkur kompaniyalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Dorsining qayd etishicha, yangi farmon iqtisodiyotga zarar keltiradi. 

Avvalroq, Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerberg "AQSh – muhojirlar mamlakati" ekanidan faxrlanishi kerakligini aytgan edi. 

Shu haftada prezident Donald Tramp immigratsiya siyosatini kuchaytirishga qaratilgan qator farmonlar imzoladi. Xususan, shunday farmondan biriga ko‘ra, asosiy aholisi musulmonlardan iborat bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga 90 kunga AQShga kirish taqiqlandi. Biroq, hujjatda qaysi mamlakatlar haqida gap borayotganiga oydinlik kiritilmagan bo‘lsa-da, Amerika OAV bular Iroq, Eron, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali mamlakatlari ekanini ma'lum qildi. 

Shu bilan birga, Amerika ma'muriyati rahbari qochqinlarni AQShda joylashtirish dasturini 120 kunga to‘xtatish, shundan so‘ng, yil davomida atigi 50 mingdan ko‘p bo‘lmagan qochqinni joylashtirishga ko‘rsatma bergan edi. Biroq, suriyalik qochqinlarni kiritish noma'lum muddatga bekor qilingan.

Mavzuga oid