Jahon | 12:06 / 02.02.2017
11013
3 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya poytaxtida 100 mingdan ortiq kishi norozilik namoyishiga chiqdi

foto: AFP

Ruminiya poytaxti Buxarest shahri ko‘chalariga 100 mingdan ortiq inson hukumatga qarshi norozilik namoyishlariga chiqdi. Bu jinoyat kodeksining o‘zgartirilishi va mahbuslarni amnistiya qilish haqidagi qaror bilan bog‘liq, deb xabar berdi mahalliy OAV.

Ruminiyaning agerpres.ro agentligi ma'lum qilishicha, Buxarestdagi hukumat binosi yonidagi piketlarda 100 mingdan ortiq inson qatnashmoqda. Ular “O‘g‘rilar!”, “Iste'foga chiqish!”, “Amnistiyaga yo‘q” deb hayqirishmoqda.

Shuningdek, mamlakatning boshqa yirik shaharlari - Kluj-Napoka, Galats, Yassa, Sibiu, Timishoara va Bakeuda ham norozilik namoyishlari avj olgan. Digi24.ro portalining xabar berishicha, ko‘chalarga umumiy hisobda 140 ming kishi chiqqan.

Mahalliy OAVning ta'kidlashicha, bu Ruminiyada so‘nggi 25 yil davomidagi eng yirik norozilik aksiyasidir. Ruminiya fuqarolari hukumat tomonidan yangi tuzatishlar kiritilishi oqibatida poraxo‘rlikda ayblangan amaldorlar, shuningdek, bir qator xavfli jinoyatchilar ozodlikka chiqarilishidan tashvishda.

Hukumat binosi yonida jamoat tartibini saqlash uchun politsiya tizmasi shakllantirildi. Xabar qilinishicha, poytaxtning bir necha ko‘chalarida harakat murakkablashgan. Norozilik namoyishi tinch ruhda o‘tmoqda.

Ruminiyada bunday norozilik aksiyalarining birinchi to‘lqini 22 yanvar kuni ro‘y berdi. O‘shanda aksiyada qatnashganlar umumiy soni 20 ming kishidan oshmadi. Bir hafta o‘tib esa turli shaharlar ko‘chalariga deyarli 100 ming fuqaro chiqdi.

Avvalroq bosh vazir Sorin Grindyanu to‘lib-toshgan qamoqxonalarni biroz bo‘lsa-da bo‘shatish uchun bir qator mahbuslarni amnistiya qilishni taklif qilgandi. Prezident Klaus Yoxannis esa bunga qarshi chiqdi. Muxolif Milliy-liberal partiya chorshanba kuni vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik bildirish tashabbusi bilan chiqqan.

Ma'lumot uchun, amnistiyaga 60 yoshdan katta kishilar, homilador ayollar, yosh bolalari bo‘lgan mahbuslar tushishi mumkin. Shuningdek, jazo muddati besh yildan ortiqni tashkil etmaydiganlar ham ozodlikka chiqishi ehtimolga yaqin. 

 

Mavzuga oid