O‘zbekiston | 20:05 / 03.02.2017
44243
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi muz saroyi qurilishini borib ko‘rdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Toshkent shahrining Olmazor va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi hududda barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli sport kompleksi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida qurilayotgan «Humo» sport kompleksi dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Kompleksning binolari ko‘kda parvoz etayotgan baxt va hurlik ramzi — Humo qushi shaklida barpo etiladi.

Inshoot ikki majmuadan iborat bo‘lib, undan 60x30 metr o‘lchamdagi asosiy va mashq muz arenalari joy oladi. Umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil etadigan inshoot to‘rt qavatdan iborat bo‘ladi.

Mobil o‘rindiqlarga ega bo‘lgan saroy sport musobaqalari o‘tkazish zali sifatida 14 ming, konsert zali sifatida 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinli mashq arenasi ham loyihalashtirilgan.

Arenada xokkey matchlari, short-trek, figurali uchish, kyorling bo‘yicha musobaqalar bilan bir qatorda basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa sport turlari bo‘yicha ham bellashuvlarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari majmua umumxalq bayramlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish uchun barcha sharoitga ega bo‘ladi.

Majmua hududida umumiy bosh reja konsepsiyasiga asosan sport muzeyi, bolalar uchun yopiq maydon, trenajyer zallar, fitnes markazi, zamonaviy ovqatlanish shoxobchalari, sport anjomlari do‘koni va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlari joylashtiriladi.

Majmuaning muhandislik tarmoqlari, yong‘in o‘chirish tizimi, yoritish, ventilyatsiya, issiqlik manbai, konditsionerlash tizimlari to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, tejamkor texnologiyalar qo‘llangan holda loyihalangan.

Bundan tashqari bino yonida avtomobillar uchun mo‘ljallangan to‘rt qavatli avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgan. Obektni 2018 yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.

«Shavkat Mirziyoyev bunday zamonaviy sport inshootlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e'tibor qaratdi, mutasaddi rahbarlarga qurilish jarayonini yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid