Jamiyat | 16:39 / 03.02.2017
25525
6 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi ko‘lmaklar o‘quvchilarning maktabga borish yo‘lini “to‘smoqda”

Tahririyatimizga Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan 97-maktab o‘quvchilari ota-onalaridan maktab oldidagi noqulayliklar bo‘yicha murojaat kelib tushdi. 

Murojaatda ta'kidlanishicha, maktab Yunusobod tumani 15-mavze hududida joylashgan. Shikoyatning mazmuni shundan iboratki, maktab oldidagi ko‘cha juda yaroqsiz holga kelib qolgan. Ko‘chaning aksariyat joylari o‘pirilib ketgan va bu ayniqsa yog‘ingarchilik vaqtida maktabga qatnovchi o‘quvchilarga noqulayliklar tug‘dirmoqda. 

Shu uzunligi 300 metr keladigan ko‘chada yana bir maktab – 273-maktab joylashgan. Bu maktab oldida ham ahvol shunday. Ikkala maktabning o‘quvchilari ham maktabga yetib olish uchun bir nechta katta ko‘lmaklarni aylanib, loy kechib o‘tishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin ba'zi ko‘lmaklar shunchalik kattaki, ularni sakrab o‘tishning ham iloji yo‘q va shunda o‘quvchilar poyafzallarini bo‘ktirib, ulardan yurib o‘tishga majbur bo‘lmoqdalar. Katta o‘quvchilar bu yo‘ldagi "to‘siqlardan" amallab o‘tib olishar, lekin jajjigina o‘quvchilar   poyafzallari suvga botgancha, maktabga bilim olgani oshiqmoqdalar. Yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirlarning sanab adog‘iga yetmaysan, hali u yeri, hali bu yeri ko‘chib yotibdi. Havo quruq paytda o‘quvchilar maktabga yo‘l chetidagi eni 1,5 metrlik tuproq yo‘lakchadan borib-kelishadi. Ammo yog‘ingarchilik paytida bu yo‘lakcha rostmana balchiqqa aylanadi. Noiloj o‘quvchilar mashina yo‘ldan yurishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq qaniydi haydovchilar ularga "rahmlari" kelib sekinroq yursalar, aksincha o‘zlarini ko‘cha faqat ularnikidek tutib, olg‘a bosadilar.   

Bu ham yetmagandek, ertalab maktabga kelar vaqt, ya'ni soat 7.30dan 8.00gacha bu yerda "avtomobillar shousi"ga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Eni 5 metrlik yo‘l shunchalik tirband bo‘lib ketadiki, shahar markazida tig‘iz paytdayam bunaqa tirbandliklar kamdan-kam uchraydi. Bechora o‘quvchilar ko‘lmak sanaganlari yetmaganday, yana shu mashinalar orasidan ham turli "manyovrlarni amalga oshirib" ko‘chadan o‘tib olishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ba'zi "o‘ta farosatli ota-onalar" "yo‘lni band qilmay deb"mi, yo bu ko‘chada ulardan boshqa zog‘ yo‘q debmi, tezlik tepkisini ayamay bosishadi. Va achinarlisi, bunday holatlarga o‘zini "bosib olgan" kattalar ham yo‘l qo‘ymoqda. 

Hattoki ba'zi farzandlariga o‘ta g‘amxo‘r, "temir toychoqli" ota-onalar "farzandlarim qiynalmasin deb" ularni maktab darvozasi oldigacha eltib qo‘yishadi va shu tariqa darvoza oldini go‘yoki o‘z uylari darvozasidek "ishg‘ol qilishadi". Shunaqa paytda piyoda kelayotgan o‘quvchilar ikki chetdan qolgan tirqishdan yon boshlab o‘tib olishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Mashinada o‘tirgan ota-onalarning bu bolalar bilan zig‘ircha ishlari yo‘q. Bolasini tushirib tezda yo‘lni bo‘shatish o‘rniga, ularni maktab ichigacha kirib ketguncha ko‘zlari bilan kuzatib qo‘yishadi. Yaxshiyamki, darvoza bor, bo‘lmasam bundaylar farzandlarini mashinalarida maktab zinasi oldigacha ham olib kirib qo‘yishdan toymasdilar. 

Shu munosabat bilan, yo‘l chetidan bolalarning yurishi uchun beton to‘siq bilan chegaralangan, asfalt qoplamali piyodalar yo‘lakchasi tashkillashtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bolalar yog‘ingarchilik vaqtida mashina yo‘ldan yurmay va o‘zlarini xavfga qo‘ymay, o‘zlari uchun ajratilgan yo‘lakchadan harakatlangan bo‘lardilar. Shuningdek, mashina yo‘l va unga yondosh ko‘chalarni ham kapital ta'mirdan chiqarish lozim. U yer-bu yerni yamab ketish bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, maktabga kelib-ketuvchi mashinalarni ham tartibga solish kerak. To‘g‘ri, hech kimga farzandini maktabga mashinada olib kelishini taqiqlab bo‘lmaydi, biroq maktab oldini mashinalar bilan band qilish bolalar xavfsizligiga tahdid solmoqda. 

Bu muammolar ba'zi ota-onalar tomonidan ko‘tarilgan. Tegishli mutassadi tashkilotlarga shikoyatlar qilingan. Jumladan, maktab boshida va maktab tugashida Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan "to‘xtab turish mumkin emas", degan yo‘l belgilari qo‘yilgan, biroq ular tomonidan va'da qilingan nazorat hali amalga oshirilmadi. Mashinasi bor ota-onalar bu yerga biror bir tekshiruv kelib, amaliy choralar ko‘rilmaguncha, bu belgini ko‘rsalar ham ko‘rmaganga olib ketaveradilar va mashinalari bilan yo‘lni band qilishda davom etaveradilar. 

Qolgan mutasaddi tashkilotlar, jumladan, Yunusobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ham hali hech qanday amaliy choralar ko‘rilmagan, vaholanki ular bu vaziyatdan xabardor qilinganlar.

Shu munosabat bilan unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodlarimizga bilim olishlari uchun nafaqat maktabda, balki uning tashqarisida ham munosib sharoitlar yaratib berishda mutasaddi tashkilotlardan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, jonbozlik ko‘rsatishni va yuqori tashkilotlardan bu holatni o‘z nazoratlariga olishni so‘rab qolamiz. Zeroki, farzandlarimiz ularga qulay sharoitlar yaratilgandan ko‘zlari quvnab, vatan tuyg‘usini yanada kuchliroq his qilsinlar.

Mavzuga oid