Jamiyat | 10:04 / 10.02.2017
10161
3 daqiqa o‘qiladi

Obamaning sobiq fotosuratchisi Trampning jig‘iga tegmoqdami?

Foto:@petesouza

Oq uy va Barak Obamaning sobiq shaxsiy fotosuratchisi Pit Suza Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan beri Instagram’da shaxsiy sahifasini yuritmoqda. Ko‘plab fotosuratlar hukumatni topshirish jarayonini aks ettirgan bo‘lsa, keyinchalik Suza Obama ishtirokidagi eski suratlarni taqdim eta boshladi.

The Guardian nashrining ta'kidlashicha, sobiq prezident hayotidan hikoya qiluvchi kadrlar Tramp xatti-harakatlari bilan taqqoslangan. Suza prezident mamlakatga qochqinlar va musulmonlar mamlakatlaridan muhojirlarni kiritmaslik haqidagi farmonga imzo chekkach, Obamaning qochqinlar oilasidan bo‘lgan qizcha bilan muloqot qilayotgani tasvirlangan suratni e'lon qildi.

Xuddi shunday vaziyat Barak Obama Meksika prezidenti Enrike Penya bilan muloqot qilayotgan paytidagi kadr bilan ham kuzatilgan. Fotosuratchi uni Tramp Penya bilan ikki davlat chegarasida devor qurish masalasi bo‘yicha bahslashgan kuni chop etgan.

Tramp Nil Gorsach nomzodini AQSh oliy sudi a'zoligiga ilgari surganida esa, Suza Obama respublikachilar qabul qilmagan boshqa nomzod – Merrik Garlend bilan turgani tasvirlangan suratni taqdim etdi.

Tramp Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull bilan telefon orqali “baland ovozda gaplashgani” haqidagi xabarlardan so‘ng, Instagram-sahifada Obama u va Yangi Zelandiya bosh vaziri bilan do‘stona suhbat qurayotgani aks etgan kadr taqdim etildi.

Suza fotosuratlardan birida Obama kabinetidagi ayollarning soniga e'tibor qaratgan. Bunga qadar Tramp yangi farmonga imzo chekayotgani hamda uning atrofida faqat erkaklar turganini ko‘rish mumkin bo‘lgan tasvir paydo bo‘lgandi.

Fotosuratchining ko‘rsatishicha, u ayni damda hech qayerda ishlamayapti va erkin agent maqomiga ega. Suza imo-ishoralarga boy bo‘lgan suratlardan tashqari, Obama prezidentligi davridagi boshqa muhim lahzalar aks etgan kadrlarni ham e'lon qilib boradi.

 

Mavzuga oid