Jahon | 12:29 / 15.02.2017
15522
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Afg‘onistondagi yangi tahdid haqida ogohlantirdi

Metamfetamin – dunyodagi eng xavfli sintetik narkotiklardan biri bo‘lib, Afg‘oniston aholisi orasida ommalashib bormoqda. U shuningdek, mamlakat hududida ham ishlab chiqarila boshlandi. Bu haqda BMTning narkotik moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan hisobotda aytiladi. U opiatlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon “yetakchisi” – Afg‘onistondagi sintetik narkotiklar bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan.

Boshqarma ekspertlari sakkiz oy davomida Kobul ko‘chalarida “muhabbat ko‘z yoshi” va “shisha” deb ataluvchi narkotik haqida ma'lumot yig‘ishdi. Ularning ta'kidlashicha, “metamfetamin opiatlar iste'mol qiluvchi kishilar orasida ommalashib borayotgani haqida aniq ma'lumotlar bor”. “Metamfetamin nafaqat afg‘on kuch tuzilmalari tomonidan katta hajmlarda olib qo‘yiladi, balki mamlakatning g‘arbiy qismida uni ishlab chiqaruvchi korxonalar borligi haqida ham dalillar bor”, - deyiladi BMT agentligida.

Hisobotga ko‘ra, metamfetamin ko‘proq Qunduz va Nimroz viloyatlarida iste'mol qilinadi. Shu bilan bir qatorda, hujjatda ta'kidlanishicha, Afg‘oniston qonunchiligi geroin yoki kokainga qaraganda metamfetaminni saqlash bo‘yicha ancha yengilroq jazoni nazarda tutadi.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, bu muammo milliy va xalqaro darajada yaxshiroq o‘rganilishi kerak. “Bu juda vaqtida taqdim etilgan hisobot. U Afg‘onistondagi narkotiklar bilan bog‘liq juda murakkab vaziyatni yaxshiroq tushunish imkonini beradi”, - deya ta'kidlab o‘tdi BMT boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bo‘limi rahbari Jan-Lyuk Lemaxyu. Uning ta'kidlashicha, hisobotning tayyorlanishida afg‘on hukumati katta yordam ko‘rsatdi, bu esa mamlakat hukumatining narkotiklar muammosiga ortib borayotgan e'tiboridan darak beradi. 

Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmadan ta'kidlashlaricha, metamfetamin shuningdek Janubi-Sharqiy va Markaziy Osiyo davlatlarida ham ommalashib bormoqda. BMT ma'lumotiga ko‘ra, 2010 yilda bu ikki mintaqada 1,5 ming tonna metamfetamin musodara etilgan bo‘lsa, 2011 yilda bu ko‘rsatkich taxminan 4 ming tonnaga yetdi. 

Metamfetamin boshqa narkotik, amfetamin orqali ishlab chiqariladi va kuchli qaramlikka olib keladi. U 1930 yillarda rag‘batlantirish vositasi sifatida Uchinchi reyx qo‘shinlarida ham qo‘llanilgan. Uni doimiy ravishda iste'mol qilish tomirlarning bekilib qolishi, shuningdek ruhiy zaiflikka olib keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid