Jahon | 16:22 / 18.02.2017
25211
3 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson O‘zbekistondan maktub oldi

foto : Boris Jonson

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov britaniyalik hamkasbi Boris Jonsonga maktub yo‘lladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Men Sizni muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan tabriklashdan bag‘oyat mamnunman. O‘zbekiston Buyuk Britaniyani muhim xalqaro sherik hamda dunyoning ulkan siyosiy, iqtisodiy, texnologik va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yetakchi va nufuzli mamlakatlaridan biri sifatida qabul qiladi”, - deya ta'kidlab o‘tdi Komilov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘tgan davr mobaynida Buyuk Britaniya bilan o‘rnatilgan dinamik va teng huquqlilikka asoslangan munosabatlarni yuqori baholaydi. Ushbu munosabatlar tarixi qadim zamonlarga borib taqaladi. 

Ishonchimiz komilki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga 40dan ortiq Buyuk Britaniya delegatsiyalarining tashrif buyurishi ikki mamlakatning ham o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligidan dalolat beradi.

“Qayd etish lozimki, bugun mamlakatlarimiz o‘z yangi tarixida muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni boshdan kechirayotgan bir paytda O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qilish istiqbollariga ishonch bilan qaraladi. Mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan ushbu davrda Buyuk Britaniya hukumati va xalqining qo‘llab-quvvatlashini yuqori baholaymiz hamda Sizning o‘rinbosaringiz janob Alan Dunkanning O‘zbekistonga tashrifini ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi Buyuk Britaniya samimiy qiziqishining tasdig‘i sifatida qaraymiz”, - ta'kidlab o‘tdi u. 

Tashqi siyosat idorasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zaro tashriflar almashish amaliyotini davom ettirish, siyosiy muloqot, parlamentlararo hamkorlik, iqtisod va sanoat, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va san'at, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash sohalaridagi Buyuk Britaniya bilan sherikchilikni yanada izchil rivojlantirish tarafdori.

“Aminmanki, o‘zaro hurmat va tomonlar manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya aloqalari mamlakatlarimiz farovonligi va manfaatlari yo‘lida bundan-buyon ham mustahkamlanadi. Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul etgaysiz”, - deya xulosa qilgan Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid