Fan-texnika | 20:05 / 18.02.2017
4783
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX kompaniyasi Marsga ilk parvozni 2020 yilga qoldirdi

Foto: Joe Skipper / Reuters

AQShning SpaceX kompaniyasi Marsga ilk parvozni 2 yil keyinga, ya'ni 2020 yilga qoldirdi. Bu haqda kompaniya prezidenti Gvinn Shotvell ma'lum qildi, deb xabar bermoqda The Verge nashri.

"Biz 2018 yilni mo‘ljal qilgandik, biroq bizga ko‘proq zaxiralar kerakligi hamda ekipaj va Falcon Heavy raketasini tayyorlash dasturlariga ko‘proq e'tibor qaratishimiz kerakligini his qildik", deb aytdi Shotvell. Uning aytishicha, yangi raketaning ilk parvozi 2017 yil yoziga mo‘ljallangan.

2016 yil aprelda SpaceX Qizil sayyoraga yuboriladigan ilk koinot kemasi Red Dragon’ni 2018 yilda bu sayyoraga jo‘natmoqchiligi ma'lum qilingandi. Shundan keyin Marsga har 26 oyda raketalar uchirish rejalashtirilgan. Kompaniya rahbari Ilon Mask 2025 yilgacha Marsga birinchi insonni yuborishga va'da bergandi.

2016 yil 28 sentabrda Mask sayyoralararo transport tizimi ITS loyihasini taqdim qilgandi. Bu tizim Marsni egallash uchun mo‘ljallangan. Taxmin qilinishicha, Qizil sayyorada to‘liq avtonom manzilgoh qurilib, u yerga yarim asrdan keyin millionga yaqin odam ko‘chib o‘tadi. 

Mavzuga oid