Jahon | 21:37 / 19.02.2017
50146
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarderga tegishli dunyodagi eng katta yaxta qo‘lga olindi

Rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoning shaxsiy yaxtasi Sailing Yacht A ("Yelkanli yaxta A") nemis kemasozlik verfining 15 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ bo‘yicha e'tirozi sababli qo‘lga olindi. Bu haqda Yacht Harbour portali ma'lum qildi

Yaxta bir necha kun avval Gibraltarga bezak ishlari uchun kelgan, keyin esa Ispaniyaga yurish sinovlaridan o‘tgani kelishi kerak edi. 5 fevralda yaxta Germaniyaning Kil shahrini tark etgandi. 

Yaxtani qurgan Nobiskrug verfi advokatlari shartnoma buzilishi bo‘yicha sudga da'vo arizasi topshirishgan. Unda aytilishicha, yaxtani buyurtma qilgan Valla Yachts Limited 27 yanvargacha kema uchun 9,8 mln dollarlik oxirgi transhni o‘tkazib bermagan. Bundan tashqari, verfda pudratchilar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha 2,6 va 2,9 mln yevrolik e'tirozlar vujudga kelgan. Natijada da'vo arizasida ko‘rsatilgan qiymat 15,3 mln yevroga yetgan. 

Dunyoda eng katta yelkanli yaxta hisoblanuvchi bu yaxta Melnichenkoning pullariga qurilgan va 2015 yil kuzida Kil shahri yaqinida suvga tushirilgan. Uning uzunligi 143 metrni, suv sig‘imdorligi 14 ming tonnadan ko‘proqni, yelkanlarining umumiy maydoni esa futbol maydonidan kattaroqni tashkil qiladi. Yaxtada 8 ta paluba bo‘lib, uning ekipaji 54 kishiga mo‘ljallangan. 

Yaxtaning narxi turli baholashlarga ko‘ra, 400 mln dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.  

Mavzuga oid