Jamiyat | 20:19 / 23.02.2017
39736
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yuz yillik daraxtlar kesilishi siri ochildi

2017 yil 22 fevralda Kun.uz saytida «Toshkentda 150dan ortiq bir asrlik daraxtlar noqonuniy ravishda kesib olib ketildi»nomli maqola chop etilgan edi. Unda akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti (sobiq Shreder nomidagi ilmiy tadqiqot instituti) hududida bir oy ichida 150 dan ortiq bir asrlik daraxtlar noqonuniy ravishda kesib olib chiqilgani xabar qilingan, maqola Nuz.uz saytiga asoslanilgan edi. 

Kun.Uz tahririyati yuqoridagi maqoladagi faktlarni tekshirish va voqeani xolis yoritish hamda bir tomonlama xulosa chiqarmaslik maqsadida o‘z jurnalistik tekshiruvini o‘tkazishga qaror qildi. Shu munosabat bilan tahririyat xodimi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutiga borib, bevosita institut rahbariyati, xususan, direktor Yo‘ldosh Saimnazarov, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abduvohid Toshmurotov, ishlab chiqarish va marketing bo‘limi boshlig‘i Husan O‘taganov bilan uchrashib, vaziyatni o‘rgandi, daraxtlarning kesilishiga doir hujjatlar bilan tanishdi. Kesilmagan daraxtlarning ahvolini ko‘zdan kechirdi.

Suhbatda institut direktori Y. Saimnazarovning taqdim etgan ma'lumotlariga ko‘ra, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti 2016 yil 8 fevralda 1/04-3-54 sonli maktub bilan Toshkent viloyati hokimi S.S. Abdullayevga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasiga murojaat qilgan. Unda Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududidagi bir necha yillar avval ekilgan daraxtlarning aksariyati avariya holatiga kelib qolgani, ayrimlari to‘liq qurib qolgani, yon va tepa shoxlarining qurib qolgani sababli qattiq shamol vaqtida institut xodimlari va binosiga zarar yetkazish ehtimoli mavjudligi aniqlangani ta'kidlanadi hamda ushbu daraxtlarni qonunchilikda belgilangan ravishda kesishga, yon shoxlari tarvaqaylab ketgan manzarali va mevali daraxtlarga shakl berishga ruxsat so‘raladi. 

Ushbu murojaatga O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari v.b. A. Xolmurodov imzosi bilan 2016 yil 18 fevraldagi 01/07-320 sonli javob maktubida institut hududida 66 tup turli xil kasallangan va qurib qolgan, shuningdek, avariya holatidagi, binoning poydevor va tom qismiga, shuningdek institut xodimlari sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 3 tup chinor daraxtlarni kesishga ruxsat berilgan. A. Xolmurodov Viloyat tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasiga O‘zbekiston O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirokida tuzilgan 2016 yil 19 fevraldagi 07-3/79 raqamli yakuniy xulosasi asos qilib olingan.Mazkur xulosaga muvofiq, institut hududidagi 69 tup daraxtdan 58tasi kesilgan. 

Bundan tashqari, Institut direktorining ma'lum qilishicha, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ruxsat berilganidan tashqari yana 52 tup daraxt ruxsatsiz kesilgan. Ammo, bundan avval, Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbar xodimlari, Toshkent Davlat agrar universiteti Botanika va agrobiotexnologiya kafedrasi dotsenti Buxorov, O‘zbekiston O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Turdiyevalar ishtirokida 2016 yil 10 martida dalolatnoma tuzilgan. Unda ruxsatsiz kesilgan daraxtlarning ham chirigani, kasallangani yoxud plush o‘simligi bilan qoplangani hamda institut tashqi ko‘rinishini buzayotgani ta'kidlangan. 

Institut hududidagi daraxtlar Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi xulosasi olinmasdan, yuqoridagi dalolatnoma asosida Toshkent Davlat agrar universiteti Botanika va agrobiotexnologiya kafedrasi dotsenti Buxorov, O‘zbekiston O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Turdiyevalar imzosi bilan daraxtlarni kesishga 2016 yil 17 martda xulosa berilgan. Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi xulosasi olinmasdan kesilgan daraxtlar yuzasidan 2017 yil 24 yanvarida Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasiga 1/04-3-41 sonli maktub yuborilgan. Unda O‘simliklarni himoya qilish davlat inspeksiyasi xodimlari ishtirokidagi 2017 yil 17 yanvar majlisi yakunida mazkur xulosa va dalolatnomalarni e'tiborga olish so‘ralgan.  

Institut direktori Y. Saimnazarov qolgan hududlar tekshirilganda mazkur 58 ta daraxtdan tashqari ruxsatsiz yana 52 ta daraxt kesilganini tan olib, yuqoridagi dalolatnoma va xulosa asosida kesilganini ma'lum qildi. Daraxtlarning qolgan to‘nkalari tekshirilib, ularning 22 tasi qurigani, 30 tasi esa to‘la sog‘lom daraxtlar bo‘lgani aniqlangan. 

Bundan tashqari, Saimnazarovning ta'kidlashicha, kesilgan daraxtlarning shox-shabbalari, o‘tinlarning narxi o‘rganilib, institut xo‘jaligiga kirim qilingan. O‘tinlar institutda ishlaydigan va moddiy yordamga muhtoj xodimlarga Kasaba uyushmasi hamda institut rahbariyati qo‘shma qarori bilan berilgan. Qolgan sotilgan qismlaridan tushgan mablag‘lar xodimlarni moddiy rag‘batlantirish institut hududini obodonlashtirish ishlariga sarflangan.

Ushbu holat bo‘yicha ma'lumotlar o‘rganib chiqish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan. Tergov ishlari olib borilmoqda.