Jahon | 16:19 / 24.02.2017
31474
5 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda duv-duv gap: "Mehribon Aliyeva - birinchi vitse-prezident"

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘z turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyevani mamlakatning birinchi vitse-prezidenti etib tayinladi. BBC mazkur qaror yuzasidan ekspertlar fikrini o‘rganib chiqdi.

Ozarboyjonda birinchi vitse-prezident lavozimining o‘zi joriy qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. O‘tgan yilning sentabr oyida mamlakatda referendum o‘tkazilib, vitse-prezidentlar lavozimlari joriy qilingandi. Biroq birinchi vitse-prezident lavozimi shu kungacha bo‘sh edi.

Prezident Xavfsizlik kengashi majlisida o‘z ayolini vitse-prezident sifatida tanishtirdi. U Mehribon Aliyevaning "ko‘p yillardan beri mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va xalqaro faoliyatida muhim o‘rin tutib kelgani"ni ta'kidladi. Aliyev turmush o‘rtog‘ini professional va insonparvar deya ta'rifladi.

Mehribon Aliyeva bundan avval "Yangi Ozarboyjon" partiya raisi o‘rinbosari lavozimini egallab, shu partiyadan mamlakat parlamentiga tanlangandi.

Ayolning o‘zi Xavfsizlik kengashi majlisida shu kunga qadar erishgan yutuqlarini Ilhom Aliyevning qo‘llab-quvvatlashi bilan izohladi. "Menga yuklangan mas'uliyatning jiddiyligini to‘liq anglab turibman. Ishonamanki, sizning va menga ishongan barcha insonlarning ishonchini oqlay olaman", - dedi u.

Quyida ekspertlarning bu boradagi fikrlari bilan bo‘lishamiz.

Arkadiy Dubnov, MDH mamlakatlari bo‘yicha ekspert

Mening fikrimcha, Ilhom Aliyev otasi tomonidan yaratilgan davlat boshqaruv usuli - sulolalar ta'sirini muvozanatga keltirishga yo‘naltirilgan oilaviy usulga rioya qilmoqda. Nufuzli sulolalar ikkita - Aliyevlar sulolasi va Pashayevlar sulolasi (Mehribon Aliyeva shu sulola vakili).

Ushbu usul millat otasi Haydar Aliyev tomonidan joriy qilingan. U MDH mamlakatlari ichida hukumatni topshirishning oilaviy turini amalga oshirgan birinchi va yagona yetakchi bo‘lgan.

Mehribon Aliyevaning nufuzli lavozimga tayinlanishi hukumatni mustahkamlash, sulolalar o‘rtasida muvozanat saqlash va Ilhom Aliyev hukmronligiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday urinishlarning oldini olish zarurati yuzasidan ham amalga oshirilgan.

Ozarboyjon qaysidir ma'noda qarindosh-urug‘chilikka, ya'ni oilaviy boshqaruvga asoslangan. Bir necha yil o‘tgach, Ilhom Aliyevning vakolat muddati tugaganidan keyin u boshqaruv vakolatini turmush o‘rtog‘iga topshirish ehtimoli bor.

Mehribon Aliyeva tizimli boshqaruv tajribasiga ega, u shunchaki uy bekasi emas. Bokuda ta'kidlanishicha, Haydar Aliyev u bilan juda iliq munosabatlarda bo‘lgan. Shu bilan birga xalq bu ayolni yaxshi ko‘radi.

Zardo‘sht Alizoda, ozarboyjonlik siyosatshunos

O‘ylashimcha, Mehribon Aliyevaning bu lavozimga tayinlanishi hech qanday ahamiyatga ega emas. Ozarboyjonda barqarorlik hukmron, hammasi ma'lum, hammasi tushunarli, hech narsa o‘zgarmaydi.

Haydar Aliyev hukmronlikni o‘z o‘g‘liga qoldirgan, o‘g‘li esa uni o‘z mulki deb hisoblaydi. Aholining bunga hech qanday aloqasi yo‘q: na tanlov va na bo‘layotgan ishlarga - ular shunchaki kuzatishmoqda. Kuzatuvchilar millati.

Hech narsa o‘zgarmayapti, na qaror qabul qilish mexanizmi va na ijro mexanizmi. Shuning uchun men bu yangilikni mutlaqo xotirjam qabul qildim, buni ko‘pchilik kutgandi.

Ozarboyjonda siyosat yo‘q. Siyosat - bu guruhlar va partiyalarning qonun doirasida musobaqalashishi. Ozarboyjonda qonunlar ishlamaydi, partiyalar deyarli yo‘q. Shunday ekan, siyosat ham yo‘q. Hukumatda birlashgan kishilardan iborat guruh bor - hamma narsani shular hal qiladi.

Tofik Abbosov, Boku xalqaro multimadaniy markazi

Mehribon Aliyevaning mamlakatdagi reytingi yuqori. Uning milliy yig‘ilish deputati sifatida o‘z pozitsiyasida juda faol, samarali faoliyat yuritgani hamda yangi qonunlar qabul qilishda ishtirok etgani buni yana bir bor tasdiqlaydi.

U gumanitar va madaniy sohalarda bir necha muhim loyihalarni qabul qilgan. U bunga parallel ravishda Haydar Aliyev fondini boshqarmoqda. Mazkur fondning resurs bazasi yordamida mamlakatda ko‘plab ta'lim markazlari, maktablar, yordam ko‘rsatish markazlari qurilgan.

Men ijtimoiy fikrni o‘rganish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazganman. Ko‘rib turganimizdek, bu yangilik xalq tomonidan juda ijobiy qabul qilindi.

O‘tgan yili Ozarboyjonda umumxalq referendum bo‘lib o‘tgandi, unda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritish masalasi muhokama qilingan edi. Shunda prezident o‘z vakolatlarini optimal asosda bo‘lishish maqsadida vitse-prezidentlik institutini yaratish qarorini qabul qilgan.

Vazirlar mahkamasining reytingi u qadar yuqori emas. Shu bois jamiyatda hukumat tuzilmasini o‘zgartirish masalasi ko‘tarilgan.

Mavzuga oid