Jamiyat | 23:45 / 01.03.2017
17356
10 daqiqa o‘qiladi

«O‘rgimchak to‘ri xatari…»

Bugungi globallashuv zamonida yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun mislsiz kurash bormoqda. Hayotning turli sohalarida namoyon bo‘layotgan bunday xurujlar, ayniqsa, axborot sohasida eng avj pallasiga chiqqan. Chunki, ayni paytda, ushbu soha kirib bormagan dunyoning biror nuqtasini topish mushkul. Boshqacha aytganda, qayerdaki elektr manbai bulsa, u yerda axborot almashuvi yuz bermoqda, kishilar har qanday yangilikdan bir zumda boxabar bo‘lishmoqda.

Ammo, «tanganing ikkinchi tomonini» ham unutmaslik lozim, barcha axborotni ham foydali va xolis deb baholab bo‘lmaydi. Ta'bir joiz bulsa, ularning keraklisidan keraksizi, foydalisidan xavflilari ko‘proqdir. Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotini tasavvur eta olmaydigan, bu hol kundalik odatga aylangan bir paytda, bunday jarayon kishini mushohadaga chorlaydi, sergak torttiradi. Hayot tajribasi va bilimi yetarli bo‘lmagan yoshlar bu uydirmalarni, «usti yaltiroq, ichi qaltiroq» chorlovlarni real haqiqat sifatida qabul qilishmayaptimi? Ularga ko‘r-ko‘rona ergashilmasligiga kim kafolat beradi? Ayrim buzg‘unchi mafkuraviy markazlar tomonidan ilgari surilayotgan «ommaviy madaniyat» deb nom qozonayotgan unsurlar kelajak avlodni g‘arazli maqsadlarga yetaklab, ayrim guruhlarning boyishiga xizmat qilayotgani kunday ayon. Achinarlisi, milliy qadriyatlarni so‘ndirib, insonni sog‘lom hayot, teran fikrlashdan yiroqlashtirishga urinayotgan bunday illatlar millat ildiziga, ma'naviyatga bolta bo‘lib urilmoqda.

Internet changalzorlaridagi «sarguzashtalar» 
Ijtimoiy tarmoqlar katta imkoniyatlar hadya etayotgani bilan ham e'tiborda. Jumladan, ular «bozor» vazifasini ham bekam-u ko‘st bajarmoqda. Ammo, bunday virtual «gipermarket»larning mahsulotlari odatiy bozorlardagidan farq qiladi. Ya'ni, ularning mahsulotlari turli-tuman axborotlar yig‘indisidan iboratdir. Bunday axborotlar olami ajabtovur dunyoni hosil etadi. Kuzatasiz – soxtalik, qalloblik, yolg‘on sovg‘a, xiyonat, nafrat, pastkashlik, chayqovchilik, da'vat, chorlov, tahqirlash, kamsitish kabi manzaralar.

Jahondagi millionlab kishilar allaqachon ushbu tarmoqlardan birining asiriga aylangan. «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy tarmog‘i ana shulardan biri. Yurtdoshlarimiz orasida ham mana shu tarmoqning «shinavanda»lari talaygina. Negaki, insonlarni hayotiy tashvishlardan, kundalik yugur-yugurlardan chalg‘itishda, har qanday qadriyat va insoniy tuyg‘ularga yengil-yelpi qarashga o‘rgatishda ijtimoiy tarmoqlar eng samarali «qurol» bo‘lib xizmat qilmoqda. Ko‘p kuzatamiz: ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, «odnaklassniki.ru»da maktab o‘quvchilaridan tortib, katta yoshli insonlarning «profili» ham mavjud. Ularning nomlari ham nihoyatda g‘ayrioddiy: «Senga muhtojman», «Ya prosto Xuligan», «Yuragingni yagonasiman», «Ismimni qalbinga yoz», «Otasini erkasi», «Sevgi yo‘lida Majnuningman» va hokazo. Ayrimlarini hatto o‘qishga ham uyaladi kishi. Vaholanki, ism va nasab yozilishi kerak bo‘lgan «profil»ni bunday nomlar bilan atash yanada e'tibor tortadi, ko‘proq «do‘st» jalb etadi. Muqaddas tushunchalar to‘g‘risidagi yoshlarning bir-biri bilan almashayotgan sayoz fikrlaridan dahshatga tushmaslikning iloji qolmaydi. Imlo qoidalari esa go‘yo virtual dunyoda hech qanday ahamiyatga ega emasdek. Shaxsiy «profil»larga qo‘yilgan suratlarda behayolik, andishasizlik, zo‘ravonlik ufurib turadi. Eng yomoni, «ommaviy madaniyat» niqobi ostida bashariyat tanazzulini istovchi buzg‘unchi kuchlar hayot davomiyligining eng asosiy bo‘g‘ini – oilani parokanda etishga kirishishgan.

Ular yoshlar ongiga oila ko‘rmaslikni, inson qanday xohlasa, shunday yashashga haqli ekanligini, oila barcha tashvishlaru baxtsizliklarning asosi ekanini targ‘ib etmoqda. Tarmoqlarda yoshlar turli yangiliklarga «klass» bosishadi, ya'ni, yangiliklarga «a'lo» deya munosabat bildirishadi. Ammo, qanday xabarlar ularni o‘ziga jalb etayotgani, qaysi mavzular, aniqrog‘i, qanday g‘oyalar ularni rom etayotgani juda ayanchli. Jumladan, mashhur g‘arb qo‘shiqchisining ikki nafar farzandi – o‘g‘li va qizi endilikda eru xotin, bir ota-onadan tug‘ilganlar tez kunda nikohlarini rasmiylashtirishar ekan. Ularning «to‘y»lariga hatto kimlar kelishi ham ma'lum, hammasi e'tiborli madaniyat vakillari… Ushbu xabarning o‘zi qisqa fursatda 11 ming «klass» to‘plagan. Demak, shuncha kishiga, aniqrog‘i, yoshlarga manzur bo‘lgan.

Inson sha'niga isnod keltiruvchi, asl tuyg‘ularni poymol etuvchi bunday ma'lumotlar shu qadar ko‘pki, yoqa ushlaysan. Ulardan yoshlarni himoyalash, to‘g‘ri va noto‘g‘ri, yaxshi va yomon, oq va qorani ajrata bilishni o‘rgatish, yoshlarda ma'naviy immunitetni kuchaytirish bizning jamiyatimizda bugungi kunning dolzarb vazifalaridan.

Zotan, jonajon mamlakatimizda oila muqaddas sanalib, u – jamiyatning muhim bo‘g‘ini, baxt va saodat oshyonidir. Birinchi Prezidentimizning «Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch» asarida ta'kidlanganidek: «…bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand bor, deb atalmish bebaho ne'mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi», degan purma'no hikmatining qadri juda baland.

«O‘rgimchak to‘ri» bolalarni ham chirmayabdi…
«O‘rgimchak to‘ri» bolalarni ham chirmab ulgurgani rost gap. Murg‘ak o‘g‘il-qizlar ham turli yangiliklar og‘ushida. Kompyuter klublaridan birida guvohi bo‘lganim bir voqea ancha vaqtgacha xayolimdan ketmadi. U yerda asosan kichik yoshli maktab o‘quvchilari hozir edi. Qorong‘u xonada barcha bolalar kompyuter ekranlariga mixlangan. Jahldan bo‘g‘riqqan yuzlar, g‘azabdan qisilgan ko‘zlar ularning tamomila virtual o‘yinlarga «sho‘ng‘igani», atrof-olamni mutlaqo unutganidan darak beradi. «Mana senga!», «O‘ldir uni!», «Chop, so‘y!» degan tahqiromuz xitoblar yangraydi. Bu holga izoh so‘rab, kompyuterxona boshlig‘iga murojaat qilganimda, u bepisandlik bilan qorong‘u burchaklardan biriga ishora qildi. U yerda «Materitsya zapreshcheno!» degan so‘zlar yozilgandi. Demak, har kuni ahvol – shu. Bolalar o‘ynab g‘azabdan yonadi, endi g‘alaba qozonay deganida mag‘lubiyatga uchraganidan alamzada holga tushadi. Borlig‘ini nafrat qamragan, eshitsa ilon po‘st tashlaydigan so‘kinish so‘zlarini qalashtirgan…

Tarixdan yaxshi ma'lumki, ajdodlar farzand tarbiyasiga alohida e'tibor qaratgan. Xususan, allomalar bu haqda o‘z asarlarida to‘xtalib o‘tishgan. Tib ilmining sultoni Ibn Sino o‘z asarlaridan birida: «Bola xulqini mo‘'tadillikda saqlashga alohida e'tibor berish kerak, bunga bolani qattiq g‘azablanish, qo‘rqish, uyqusizlikdan saqlash orqali erishiladi. G‘azab kuchni qizdiradi, qayg‘u kuchni ozdiradi, xafalik beg‘amlikka moyil qiladi. Xulqning mo‘'tadilligi natijasida ham nafs, ham badan sog‘lom bo‘ladi», deya ta'kidlab o‘tgan. Ammo, biz tasvirlagan manzarada buning aksini o‘ramiz. Insoniyat ongu tafakkuri ila ne-ne olamshumul kashfiyotlarga erishilayotgan bir paytda farzandlarni yangi-yangi xatarlar kutib olmoqda. Bugun o‘sib kelayotgan yoshlar sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi omillar sirasiga «igromaniya»ni ham allaqachon ko‘shganmiz. Vaholanki, kelajak egalarining bunday holatga tushmasligi uchun qayg‘urish, ularni milliy kadriyatlarga sodiq qilib voyaga yetkazish Vatan istiqbolini belgilaydi.

Shu bois, ayrim buzg‘unchi mafkuraviy markazlar tomonidan yaratilgan «ommaviy madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan «mafkura»ga qarshi kurashishda oila, mahalla-ko‘y, ta'lim muassasalarining hamjihatligi nihoyatda muhimdir. Shu nuktai nazardan, «Oila – mahalla – ta'lim muassasi» mexanizmi doirasida ishlarni tashkil etish ustuvor vazifalardandir.  Qolaversa, hech kimning bunday jarayonlarga befarq qolishga haqqi yo‘q. Atrofda bo‘layotgan voqealarga loqayd munosabatda bo‘lish jamiyat uchun doimo xavf tug‘dirgan. Bir so‘z bilan aytganda, ota-ona, mahalla-ko‘y, ustoz, vatandosh bo‘lgan har birimizdan mas'uliyat, majburiyat va javobgarlik talab etadi.

Mavzuga oid