Jahon | 18:50 / 03.03.2017
56381
3 daqiqa o‘qiladi

Navalnyy Medvedevni jiddiy aybladi. Ishda Alisher Usmonov ham bor

Aleksey Navalnyyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Roman Rubonov Tergov qo‘mitasiga Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev hamda milliarder Alisher Usmonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda RBK xabar yozgan.

Rubanov Jinoyat kodeksining 290 va 291-moddalari bo‘yicha ish ochishni taklif etgan. Murojaatda 2010 yilning avgustida Usmonov Moskva yaqinida joylashgan Znamenskoye qishlog‘ida uy va yer uchastkasini ijtimoiy-madaniy tashabbuslar fondiga sovg‘a qilgan. Bu fondga esa bosh vazirning rafiqasi Svetlana Medvedeva prezidentlik qiladi, fondga berilgan mulk qiymati 5 milliard rubl miqdorida ekani aytilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash fond vakillari Tergov qo‘mitasiga murojaatida aniqlik kiritishicha, fond kuzatuv kengashi raisi Medvedevning kursdoshi Ilya Yeliseyev, bosh direktor esa uning boshqa bir kursdoshi Aleksey Chetvertkov hisoblanadi.

«Usmonovning tadbirkorlik faoliyati davlat shartnomalari, shuningdek, Medvedev qabul qiladigan normativ hujjatlarga bog‘liq bo‘lgani tufayli, 5 milliard rubllik ko‘chmas mulkning bu tarzda berilishi pora hisoblanadi», — deyilgan arizada.

Rubanov RBK muxbiri bilan suhbatda Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Adliya vazirligi hamda IIVdagi kamomadlar bo‘yicha ham shikoyat qilmoqchi ekanini bildirgan. U shuningdek, Rossiya hukumatiga va prezident ma'muriyatiga korrupsiya bo‘yicha so‘rov jo‘natmoqchi. Rubanovning qayd etishicha, uning bu murojaati hukumat rahbari Dmitriy Medvedev hamda tadbirkor Alisher Usmonov munosabatlari bo‘yicha bo‘ladi.

Bundan oldinroq, Navalnyy Medvedevning «maxfiy imperiya»si fosh etgani haqida xabar berilgandi. Unda Medvedev «eng obro‘li mavzelarda uy-joylar, yaxtalar, kvartiralar, Rossiya hamda xorijda agromajmualar hamda vinozavodlar»ga egalik qilishi bildirilgandi.

Keyinroq Medvedevning matbuot kotibi Natalya Timakova bu material prezidentlik saylovida nomzod sifatida ishtirok etishi kutilayotgan Navalnyyning «saylovoldi kampaniyasini ifodalash xarakteri»ga ega ekanini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid