Jamiyat | 14:32 / 10.03.2017
12489
2 daqiqa o‘qiladi

38,5 million so‘mlik lampochkalarini noqonuniy olib kirishga uringanlar fosh etildi

O‘zbekiston Respublikasi bojxonachilari bojxona nazoratini chetlab o‘tib, aylanma yo‘llar orqali tovar-moddiy boyliklarning olib kirilishiga qarshi chora-tadbirlarni davom ettirishmoqda, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari Quvasoy shahrining chegaradosh hududida “izg‘ib” yurgan “Lasetti”, “Neksiya” va 2 ta “Spark” avtomashinalarini to‘xtatib tekshirishganida, dastlab yuk egalari L.Mamajonov, A.Sattorov, J.Holiqov, I.Yusupovlar voqea joyidan qochib, yashirinishadi. Tezkor tadbir davomida ularning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olindi. 

Avtomashinalar saloni va yukxonasi shuningdek, ushbu qishloqda istiqomat qiluvchi E.Oxunovning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, qonunbuzarlar bojxona nazoratini chetlab o‘tib, aylanma yo‘llar orqali qiymati 38,5 mln. so‘mlik xorijda ishlab chiqarilgan 17 ming donadan ortiq elektr lampochkalarini noqonuniy olib kirishga urinishgani fosh bo‘ldi.

Mazkur elektr cho‘g‘lanma lampochkalarining quvvati 100 va 150 Vt. bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015 yil 20 oktabrdagi 299-son qarori talablariga binoan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab bu turdagi mahsulotlarni realizatsiya qilish ta'qiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayoni davom etmoqda.

Mavzuga oid