Sport | 09:49 / 19.03.2017
12491
2 daqiqa o‘qiladi

Zidan: «Har qanday futbolchi kabi Ronaldu ham zaxiraga olinishi mumkin»

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zineddin Zidan Ispaniya chempionatining 28-turi doirasida «Atletik»ga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindagi holat yuzasidan fikrlarini bildirib o‘tdi. U jamoa hujumchisi Krishtianu Ronalduni o‘yinning 79-daqiqasida maydondan olgan va uning o‘rniga Iskoni tushirgandi.

«Yana 11 tur qoldi. Biz peshqadamlik qilyapmiz, ammo hali hech narsa aniq emas.

«Real» qiyin kechgan safar o‘yinida g‘alaba qozondi. Raqib bizga ko‘p muammo tug‘dirdi, ammo jamoamiz xarakter ko‘rsatdi. Hali oldinda qiyin o‘yinlar ko‘pligini bilamiz.

Benzema yaxshi o‘yin o‘tkazdi. O‘yin so‘ngida 4-4-2 sxemasiga o‘tishimizga to‘g‘ri keldi.

O‘yinchi almashtirishlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, Ronaldu bilan bog‘liq holat haqida xavotir olishga hojat yo‘q. Krishtianu ham har qanday futbolchi kabi zaxiraga olinishi mumkin. U norozi emas, boisi, biz g‘alaba qozondik. Mana shunday.

Jamoa 4-4-2 sxemasiga o‘tishi uchun Vaskes maydonga tushirildi. Shunday holatda barcha himoyada harakatlanadi. Bu raqibdan ortga chekinishimizni bildirmaydi. O‘z o‘yinimizni muvozanatga solishni istagandim.

Beyl, Ronaldu va Benzema bugun ko‘p kuch sarflashdi. Shuning uchun Krishtianu va Karim o‘rniga Isko va Moratani tushirdik», – deya Zidanning so‘zlarini keltirgan Marca.

Bundan oldinroq Ronaldu «Atletik»ka qarshi o‘yin vaqtida zaxiraga olingani uchun norozi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid