Yangi loyiha: Aylanma harakatli aeroport
Aylanma harakatli aeroportlar ancha ko‘p foydali jihatlarga ega hamda aviatsiya kelajagi sanaladi. Bu haqda gollandiyalik olim Xenk Xesselink Niderlandiya teleradiouzatish korporatsiyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. U bir necha yildan beri ushbu loyihani ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
"Bunday aeroportning bosh g‘oyasi samolyotlar doira shaklidagi uchish-qo‘nish yo‘lagining istalgan nuqtasida qo‘nishi mumkin ekanida, - deya ta'kidlab o‘tdi u. – Bu esa noqulay ob-havo sharoitlarida murakkab harakatlarni amalga oshirishning oldini oladi. Sababi uchuvchilar samolyotni o‘zlari istagan tomondan qo‘ndirishlari mumkin bo‘ladi".
Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, bu holatda yo‘lak radiusi kamida 3,5 km bo‘lishi kerak. "Aeroportning o‘zi esa o‘rtada joylashishi mantiqan to‘g‘ri", - dedi u.
Xesselinkning so‘zlariga ko‘ra, bunday aeroportning boshqa foydali jihatlari ham bor. Masalan, ular yoqilg‘ini tejash imkonini beradi, sababi samolyotlar qo‘nish chog‘ida murakkab harakatlarni amalga oshirishi kerak bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, haddan tashqari shovqin ta'siri ham cheklanadi. "Yaxshi ob-havo sharoitida uchish va qo‘nishlar aholidan ancha uzoqda joylashgan yo‘lak qismlarida amalga oshishi mumkin, - deb hisoblaydi olim. – Eng yaqin qismlar esa faqatgina ekstremal ob-havoda qo‘llanilishi mumkin".
AQShda 1960-yillarda bir necha bora shunday tajribalar o‘tkazilgan, biroq yakunda u tashlab qo‘yildi. "Men bunga nima sabab bo‘lganini yaxshi tushunaman, - deya ta'kidlab o‘tdi Xesselink. – O‘shanda texnologiyalar u qadar rivojlanmagan edi. Uchuvchilar faqat ko‘z oldidagi narsalardan vaziyatni baholashi mumkin edi. Biroq hozirda laynerlar va aeroportlar eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Shuning uchun bu loyiha muvaffaqiyatli bo‘lib chiqishi mumkin".
Shu bilan birga, u bu g‘oya amalga oshirilishi uchun yana bir necha yil kerak bo‘lishini yaxshi tushunib turibdi. "Albatta, hozirgi aeroportlar yuqori sarf-xarajatlar tufayli o‘zgarishi dargumon, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi mutaxassis. – Biroq yangi aeroportlar bu g‘oyadan foydalanishi mumkin".
Mavzuga oid
20:03
Yevropaning eng gavjum aeroporti nomi e’lon qilindi
13:55
Niderlandiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi
19:31 / 14.11.2024
Aeroportga ishga joylashtirish evaziga 1,5 ming dollar olgan xodim ushlandi
16:38 / 12.11.2024