Light | 20:03 / 21.03.2017
26009
3 daqiqa o‘qiladi

Forbes eng badavlat qozog‘istonliklar kimlar ekanligini ma'lum qildi

Forbes jurnali 20 mart kuni dunyoning eng boy odamlarining 2017 yilgi yangi ro‘yxatini chop etdi. Global ro‘yxatdan boyligi milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan 2043 kishi o‘rin oldi. E'tiborlisi, ular orasida 5 nafar qozog‘istonlik ham bor. 

Ro‘yxatga ko‘ra, Qozog‘istonning eng boy odamlari orasida 1-o‘rinni Qozog‘iston tennis federatsiyasi rahbari va Qozog‘iston prezidenti ishlari boshqaruvchisi Bulat Utemuratov egalladi. Joriy yilda uning boyligi 2,3 mlrd dollarga baholangan. O‘tgan yili ham uning boyligi shunchaga baholangandi. Joriy jahon reytingida Utemuratov 896-o‘rinni egallab, o‘tgan yilgi reytingga nisbatan birdaniga 125 pozitsiyani boy bergan.

Eng boy qozog‘istonliklar reytingining 2-4-o‘rinlarini "Kazaxmis" korporatsiyasining sobiq rahbari Vladimir Kim va oilaviy juftlik Timur va Dinara Kulibayevlarga nasib qildi. Ulardan har birining boyligi 2,1 mlrd dollarga baholangan (umumiy ro‘yxatda 973-o‘rin). 2016 yilda Kulibayevlar boyligi 2 mlrd dollarga, Kimniki 1,5 mlrd dollarga baholangandi. 

Eng boy qozog‘istonliklar yuqori beshtaligini ERG kompaniyasi egalaridan biri,  "Yevraziyskiy bank" AJ prezidenti Alijon Ibragimov yakunlamoqda. Tadbirkorning boyligi 1,9 mlrd dollarga baholangan va u bir yil ichida 300 mln dollarga ko‘paygan. Ibragimov jahon reytingida 1098-o‘rinni egallamoqda.

Ta'kidlash joizki, yangi ro‘yxatga ko‘ra Microsoft asoschisi Bill Geyts ketma-ket 4-yil dunyoning eng badavlat odami deb topildi. Uning boyligi bir yil ichida 75 mlrd dollardan 86 mlrd dollargacha oshgan. Berkshire Hathaway xoldingi rahbari Uorren Baffetning boyligi esa shu davr ichida 14,8 mlrd dollarga oshib, 75,6 mlrd dollarga yetdi va qariya Baffetga 2-o‘rinni egallashga imkon berdi. Amazon onlayn-reteyleri asoschisi Jyeff Bezosning boyligi 72,8 mlrd dollarga baholanib, unga 3-o‘rin keltirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid