Fan-texnika | 10:22 / 21.03.2017
3855
4 daqiqa o‘qiladi

Technovation Challenge - xalqaro innovatsion tanlovi O‘zbekistonda ham o‘tkaziladi

Technovation Challenge xalqaro tanlovi joriy yil boshida O‘zbekiston Bolalarni va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi tashabbusi bilan  O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida ilk marotaba ochilgan edi. 

Quyidagilar ham tanlov tashkilotchilari hisoblanadi:
Toshkent shahar Hokimiyati,
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi,
O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, 
BMT huzuridagi “O‘zbekistonda davlat xizmatlari sifatini yaxshilash bo‘yicha  elektron davlat  taraqqiyotini ilgari surish” loyihasi,
Toshkentdagi Inxa universiteti,
“UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi.

Technovation Challenge  – xalqaro ta'lim dasturi (tanlov) bo‘lib, dunyoning 78 mamlakatida samarali tashkillashtirilib borilmoqda. Uning maqsadlari sirasiga xotin-qizlarni IT, a'ni axborot texnologiyalari  sohasiga jalb etish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, tadbirkorlik va dasturlashni o‘rgatish kabi vazifalar kiradi. Dastur 2010 yildan beri olamga dong‘i ketgan Google, Adobe, Intel, Oracle va Dropbox singari global IT  kompaniyalari yordamida o‘tkaziladi va amalga oshiriladi.

Tanlovda qatnashayotgan jamoalar, BMTning 6 ta ustuvor maqsadi sanalgan “qashshoqlikka qarshi kurashish, ta'lim, tenglik, salomatlikni saqlash, atrof-muhitni asrash va tinchlikni mustahkamlash” mavzusidagi vazifalardan birini tanlab, ijtimoiy muammoni hal eta oladigan mobil ilova yaratishlari kerak. 

Jamoa 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 5 nafar qizdan iborat. Murabbiylarning aksariyati  biznes hamda axborot texnologiyalari va muhandisligi ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olganlar. Tanlov 12 haftalik dasturga asosalangan bo‘lib, unda jamoalar murabbiylari bilan tayyorgarlik ko‘radilar va dasturlash bilan shug‘ullanadilar.

LimitBusters jamoasining murabbiysi, marketing va biznes rejalash bo‘yicha mutaxassis  Natalya Yusupova “men uchun ham yengil va o‘z navbatida o‘ta qiyin bo‘lgan ushbu ko‘rik tanlovda ustozlik qilish va jamoa tuzish ilk tajriba bo‘ldi. Dastur bo‘yicha ish boshlaganimizda ilova uchun g‘oyamiz yo‘q edi. Keyin mobil ilovada muammoni qanday ko‘rsatishga e'tibor qaratdik. Jamoaning ba'zi a'zolari men kabi  birinchi marta dasturlashni o‘rganmoqda. Boshlash qiyin kechdi. Biroq qizlarimiz maqsad sari intiluvchan, faol va hech qachon yutqazishni istamagani uchun biz tez natijaga erishdik va ayni damda kodlash hamda biznes reja ustida ish olib borayapmiz. Men qizlarning ota-onalariga, farzandlarini har tomonlama ustuvorlikka erishishida va ularni O‘zbekistonda IT sohani taraqqiy ettirishda dastaklayotganlari uchun minnatdorchiligimni izhor etaman va bo‘lg‘usida dasturlovchi qizlar soni kundan kunga ortishiga ishonaman” deb munosabat bildirgan.

LimitBusters jamoasining a'zosi Sevilya Islamova “TATU qoshidagi litseyning ikkinchi bosqichida o‘qiyman va maktabdagi ilk damlarimdayoq matematika va fizika menga juda yoqar edi. Doimo koinotimizning harakatlanishi va qanday paydo bo‘lganiga qiziqar edim. Kelajakda fanga salmoqli hissa qo‘shishga umid qilaman.

Lekin dasturlash bilimlarisiz mendan olima chiqishi qiyin va aynan shu maqsadda tanlovda qatnashish uchun mamnuniyat bilan ro‘yhatdan o‘tdim. Bu yerda dasturlash, menedjment va marketing borasida ko‘plab foydali bilimlarga ega bo‘laman. Bizning jamoa ahillikda ishlamoqda va o‘rganmoqda. Chunki e'tiborimizni muvaffaqqiyat va g‘alabaga qaratganmiz” deb o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid