Jamiyat | 16:51 / 22.03.2017
14191
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda amerikalik mashhur professorning yangi kitobi taqdim etildi

“Kitob olami” ma'naviy-ma'rifiy savdo majmuasida AQShdagi nufuzli Karleton Kolleji Markaziy Osiyo tarixi va ijtimoiy Antropologiyasi professori Adeyeb Halidning “MAKING UZBEKISTAN Nation, Empire, and Revolution in the Early USSR” yangi kitobi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Bugungi kunda Adeyeb Halid Turkiston, o‘zbek tarixiga oid ilmiy asarlar ustida ishlash uchun O‘zbekistonga kelgan va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy Kutubxonasida tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U nafaqat tarixchi, balki tarjimon hamdir. U o‘zbek xalqining 20 asr boshlarida yaratilgan boy merosini jahon auditoriyasiga olib chiqqan.

Tadbirda tarix fanlari doktori, professor, etnoshunos Adxam Ashirov, tarix fanlari doktori, professor Shamsiddin Kamoliddinov, tarix fanlari nomzodi, qadimshunos Farhod Maqsudov, san'atshunoslik fanlari doktori, xalqaro ekspert Aleksandr Jumayev, “Akademnashr” nashriyoti direktori Sanjar Nazar, adabiyotshunos Shahnoza To‘raxo‘jayeva, Sherqon Qodiriy va talabalar ishtirok etdilar. 

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasining 20 asr boshida paydo bo‘lishida o‘zbek ma'rifatchilari Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxon, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi millatimizning buyuk vakillari roli haqida tinglovchilarga yangi ma'lumotlar taqdim etildi. Shuningdek tarixchi, jurnalist, adabiyotshunos va yosh tadqiqotchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.