Sport | 20:03 / 24.03.2017
48931
14 daqiqa o‘qiladi

Qariyalar terma jamoasi orqa fonda. Endi nima qilish kerak?

Oltinchi bor Jahon chempionati saralash uchrashuvlari siklida qatnashayotgan milliy terma jamoamiz oltinchi bor ushbu nufuzli turnirga chiqishdan mosuvo bo‘lishga yaqin turibdi. Atigi bir kungina avval hammasi boshqacha edi-ya...

Ammo kecha O‘zbekiston terma jamoasi Suriyaga mag‘lub bo‘ldi. Millionlab futbol muxlislarining esa fig‘oni falakda. Bu muvaffaqiyatsizlikda kim yoki nima aybdor? Kim aybdor bo‘lsa jazolanishi, nimadir sababchi bo‘lsa — o‘zgartirilishini istashmoqda.

KeChAGI O‘YIN

O‘yindan keyingi statistikalarga ko‘ra, vatanida 5 yildan buyon qirg‘inbarot urush to‘xtamayotgan suriyalik futbolchilar barcha jabhalarda — to‘pga egalik qilish, aniq pas oshirish, hujum chizig‘iga to‘p oshirish, darvoza tomon aniq zarba berish — futbolchilarimizdan sezilarli ustunlik qilgan va ular albatta g‘alabaga haqli ravishda erishdilar. Hakamga osilaylik, desak, hakam ham o‘yinni yomon boshqarmadi. Ana shunday holatda, aytilajak bahonalarning keyingilari bo‘y ko‘rsata boshladi va u murabbiy og‘zidan yangradi: noqulay ob-havo va maydonning nochor holati. Faqat, suriyaliklar ham xuddi shu maydon va osmon ostida to‘p surganini unutib qo‘ydi, shekilli, janob Babayan. 

Lekin maydondan tashqaridagi harakatlari ham ko‘ngildagidek bo‘lmagan ko‘rinadi. Umuman, o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilishi, uning to‘liq ikir-chikirlaridan shaxsan o‘zim bexabarman. Lekin uzoq davlatda, ekvator zonasida o‘ynaladigan o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilgan bo‘lishi mumkin? Iqlimga, soatga moslashish uchun mutaxassislarning maslahati olindimi, shu yo‘lda izlanish olib borildimi? 

Hamkasbim J.Bobojonov bir hafta muqaddam o‘zga davlatda iqlimga moslashishning to‘rtinchi kunida inson organizmida og‘ir o‘zgarishlar bo‘lishini aytib o‘tgan edi. Biznikilar aynan to‘rtinchi kuni maydonga tushishdi... Bunday sharoitda o‘yindan bir kun oldin, yoki iqlimga to‘liq moslashish uchun o‘yindan bir hafta oldin boriladi. Bu mening fikrim emas. O‘zi futbolchiligida shu maydonlarda to‘p tepgan sobiq murabbiyimiz M.Qosimovga "Nega Bahraynga futbolchilarni o‘yinga 2-3 kun emas, bir kun qolganda olib ketdingiz?" degan savolga "Hali iqlim futbolchilarni holdan toydirmasidan avval maydonga tushib, o‘ynab olish kerak", degan edi.

NOQULAY ARAB FUTBOLI QAYTMOQDA

Umuman, Vadim Abramov davrida arab terma jamoalarining har qandayi ustidan osongina g‘alaba qozonish immuniteti yaratilgan edi. Bu hozirga kelib yo‘qqa chiqqani. Arab futbolchilaridan yana qo‘rqa boshlaganimiz kishini xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Hali keyingi o‘yinda Qatar terma jamoasi ham futbolchilarimizga yetarli bosh og‘rig‘i tug‘dirishi turgan gap. Toshkentdagi 4:0, 2:0, 5:1 hisoblarini unutamiz...

QARIYaLAR TeRMA JAMOASI

Ayni paytda guruhimiz yetakchisi Eron terma jamoasi 13 ochko to‘plagan. Hali birorta o‘yinda mag‘lubiyatga uchrash u yoqda tursin, forslar darvozasidan to‘p ham olib chiqqani yo‘q. Jamoaning o‘rtacha yoshi esa — 23da. Karlush Keyrush ikki saralash sikli o‘rtasida jamoani larzalarsiz keskin yashartirib olishga muvaffaq bo‘ldi. Eron Osiyo terma jamoalari ichida o‘yindayam, FIFA reytingidayam haqli ravishda eng kuchlisi bo‘lib turibdi. So‘nggi marta ular 4 yil avval O‘zbekiston terma jamoasiga Tehronda yutqazishgan.

Bizning terma jamoa-chi? Kecha Suriyaga qarshi o‘yinda tushgan tarkibdagi futbolchilarimizning yoshiga e'tibor bering-a:
Aleksandr Lobanov — 31 yosh;
Anzur Ismoilov — 31 yosh;
Islom To‘xtaxo‘jayev — 28 yosh;
Yegor Krimets — 25 yosh;
Davron Hoshimov — 25 yosh;
Marat Bikmayev — 31 yosh;
(Aleksandr Geynrix — 33 yosh)
Aziz Haydarov — 31 yosh;
Server Jyeparov — 35 yosh;
Odil Ahmedov — 30 yosh;
Jaloliddin Masharipov — 24 yosh;
(Eldor Shomurodov — 22 yosh)
Temurxo‘ja Abduxoliqov — 26 yosh;
(Igor Sergeyev — 24 yosh)

Qo‘rqinchli-ya?! 30 yoshdan oshgan 7 nafar futbolchi tushyapti asosiy tarkibda. Nima bu, veteranlar uchrashuvimi yoki Futbol bo‘yicha JAHON CheMPIONATI saralash uchrashuvi? Suriya tarkibida to‘p surgan futbolchilarning yoshiga e'tibor bering:

Suriya: 25-27-24-23-24-28-24-24-29-23-25. Zaxiradan tushganlar: 23-26-33

Endi Xitoy - J.Koreya va Qatar - Eron o‘yinlarida maydonga tushgan asosiy tarkib o‘yinchilarining yoshiga e'tibor bering: 

Xitoy: 30-31-27-28-27-36-30-30-25-26-28. Zaxiradan tushganlar: 28-27-20
J.Koreya: 32-27-24-30-25-29-28-25-28-25-25. Zaxiradan tushganlar: 28-21-24

Qatar: 27-23-26-36-27-20-26-26-26-28-33. Zaxiradan tushganlar: 24-20-29
Eron: 23-23-27-20-24-26-33-24-23-22-29. Zaxiradan tushganlar: 28-29-32

Ha, bir qaraganda Xitoyda ham "qariyalar" ko‘proqdek. Lekin ularning turnir jadvalida egallagan o‘rniyam shunga yarasha-da. Ha-ya, Xitoy Janubiy Koreyani yutdi, dersiz. Lekin endi ularning murabbiyi kimsan — Marchelo Lippi! (Shu joyini eslab qoling).

Eronda esa qariyalar asosan zaxiradan maydonga tushirilmoqda. Ko‘rib turibsizki, guruhimiz favoritlarida yoshlarga keng o‘rin berilgan. Bizda 20 yoshli futbolchi MTJda so‘nggi marta qachon o‘ynaganini eslolmayman. Siz eslaysizmi?

BABAYaN

Babayan nima qilayapti? U Vadim Abramov 2011-12 yillarda o‘ynatgan yulduzli tarkibga bir-ikki nafar "paxtakorchi" yoshlarni qo‘shib, natija qilmoqchimi? Yodingizda bo‘lsa, Babayan qo‘l ostidagi terma jamoasini "O‘zbekiston tarixidagi eng kuchli terma jamoa", deb ta'riflagan edi. JCh-2018 so‘nggi saralash bosqichida uchta o‘yinda boy berib bo‘lgan jamoani. Qo‘rqamanki, bu bizni yutgan terma jamoalar yakunda turnir jadvalida bizdan yuqorida bo‘ladi.

Babayan nimaniki bahona qilmasin, futbolchilarni maydondagi o‘yinga mutlaqo tayyorlay olmagani aniq. Buni hamma ko‘rdi. U "Osiyoda hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan", deb takrorlaydi. Lekin ko‘rinib turibdiki, ko‘proq uning bir xil o‘yin uslubini o‘rganib olishgan. Uning o‘yin chizgilari, yig‘inlaridan biror naf chiqmagani haqida alohida, batafsilroq maqola yozish mumkin.

Kechagi o‘yinda maydonga tushmagan Vitaliy Denisov va Sardor Rashidovning o‘rni to‘ldirilmadi. Maydonga, baribir, Babayan tomonidan sinalgan futbolchilar tushishdi. Mana shunday pallalarda tarkibga yangi futbolchi qo‘shilmasa — yig‘inlarning nima keragi bor? 

Keling, 6 fevral kuni e'lon qilingan va Turkiya yig‘inida ishtirok etgan futbolchilar ro‘yxatini yodga olamiz:

Darvozabonlar: Aleksandr Lobanov ("Paxtakor"), Ignatiy Nesterov ("Lokomotiv"), Eldor Suyunov ("Nasaf").
Himoyachilar: Islom To‘xtaxo‘jayev ("Lokomotiv"), Davron Hoshimov ("Paxtakor"), Rustam Ashurmatov ("Bunyodkor"), Azim Ahmedov ("Paxtakor"), Bobur Yo‘ldoshev ("Lokomotiv"), Stanislav Andreyev ("Paxtakor"), Vladimir Kozak ("Paxtakor"), Akram Komilov ("Bunyodkor"), Odil Hamrobekov ("Nasaf").
Yarim himoyachilar: Javohir Sohibov ("Paxtakor"), Otabek Shukurov ("Bunyodkor"), Salamat Quttiboyev ("Lokomotiv"), Marat Bikmayev ("Lokomotiv"), Eldor Shomurodov ("Bunyodkor"), Jaloliddin Masharipov ("Lokomotiv"), Jamshid Iskanderov ("Paxtakor"), Ikrom Aliboyev ("Lokomotiv"), Azizjon G‘aniyev ("Nasaf"), Doston Hamdamov ("Bunyodkor").
Hujumchilar: Igor Sergeyev ("Paxtakor"), Shohruz Norxonov ("Obod").

Ko‘rib turganingizdek, asosiy tarkibda ushbu yig‘inda ishtirok etganlardan faqat 4 nafari tushirilgan. Yig‘inlarda sinab ko‘rilganlarning birortasidan naf bo‘lmabdi.  Baribir o‘sha biz va raqiblar puxta o‘rganib olgan, o‘tgan yilgi tarkib. Ularning jismoniy formasi yaxshimi-yo‘qmi, farqi yo‘q. Unda nega keragi bor bunday yig‘inlarning?

Masalan, Sardor Rashidov, Odil Ahmedov, Aziz Haydarov yoki Yegor Krimetsning sport formasi yo‘qolib qolgan bo‘lishi mumkin-ku? Krimets Xitoyda deyarli o‘ynamayapti. Buni qanday aniqlash mumkin? Albatta, o‘yindan avval o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali! (Masalan, raqiblarimiz vaqt topib, Eron Iroq bilan, Qatar Ozarboyjon bilan o‘ynashdi). 

Nega yoshlarni sinab ko‘rish uchun, terma jamoa muhitiga moslashtirish uchun ko‘proq o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilmaydi? Bu borada terma jamoalar markazi nima ish bilan shug‘ullanayotgani qiziq. Masalan, 23 mart kuni Malayziyada Suriyaga qarshi o‘ynashimiz ancha yil avval aniq bo‘lib ulgurgan edi. Shu hududga yaqinroq Tailand terma jamoasi shu kuni Saudiyani qabul qildi. Terma jamoa yig‘ini doirasida masalan o‘yindan 4-5 kun avval — 18-19 martda Tailandda ularga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushsak, yoshlarni sinab, toblasak bo‘lar edi-ku? (Shu maqsadda "Paxtakor"ning o‘yini oldinga surilgan, "Bunyodkor" va "Lokomotiv"ning uchrashuvlari qoldirilgan emasmidi?)

BO‘Z YoShLAR UChUN KO‘Z YoShLAR

Yodingizda bo‘lsa, JCh-2014 saralashida so‘nggi guruh bosqichida muvaffaqiyatsizlikka erishganimizdan so‘ng O‘FF prezidenti M.Usmonov ochiqchasiga "murabbiy oldiga JChga chiqish vazifasi qo‘yilmagan", demagan bo‘lsa-da, "yoshlarni tarkibga jalb qilishni asosiy vazifa qilib belgilagan edik", degan edi.

Qani o‘sha yoshlar? Qani, o‘sha bizning U17, U20, U23 terma jamoamizda to‘p suruvchi umidli yoshlarimiz? Ularni MTJ safida ko‘rmayapmiz. Ularga ham ishonch bildirsak bo‘lmaydimi? Yoki umidli, iqtidorli yoshlar chiqmayaptimikan futbolimizdan? Shaxsan men ishonmayman. Gap tizimda, chempionatimizda bo‘lsa, kelinglar, foyda beradigan qilib isloh qilaylik uni ham. (Bu ham alohida va o‘ta chuqur mavzu, albatta).

Tan olish kerak, yuqorida sanab o‘tilgan qariya futbolchilarimiz allaqachon futbolga berarini berib, yig‘ib olishi mumkin bo‘lgan daromadlarini yig‘ib olib, motivatsiyasi o‘lib bo‘lgan futbolchilar. Ularning o‘yini yuksalish o‘rniga kundan kunga tanazzulga yuz tutaveradi buyog‘iga. Ishonganimiz Odil Ahmedovning ahvolini hammangiz ko‘rdingiz.  Bu futbolchilarga vatan sha'ni, muxlislar quvonchi, degan tushunchalar menimcha endi yot.

Toki bosh jamoamiz — terma jamoa ruliga o‘zimizdan chiqqan, tanbal, o‘qib o‘rganishni istamaydigan, bilimsiz, tashabbussiz, guruhvoz, buning ustiga o‘lgudek irimchi va qaysar murabbiylar tayinlanaverar ekan muxlislar uchun Mundial orzusi armonligicha qolaveradi.

BU UChUN NIMALAR QILISh KeRAK?

Maydalashib o‘tirish shart emas:

1). O‘zbekiston futbol federatsiyasi tizimini mutlaqo qayta isloh qilib chiqish kerak. Federatsiya matbuot uchun ochiq bo‘lishi, rahbar-mutasaddilar, shuningdek, murabbiylar oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, ular bilan tuzilayotgan shartnomalar muddati va shartlari, ularga to‘lanayotgan maoshlar oshkor etilishi lozim.

2). Ushbu saralash sikli tugagach, milliy terma jamoa ruliga xorijdan professional murabbiy jalb etilishi kerak. Albatta, professional shartnoma imzolangan holda. U o‘z guruhi bilan kelib, yurtimizdagi butun futbol musobaqalari ichidan iqtidorlarni aniqlaydi, o‘yinlarini kuzatadi, tarkibni yoshartiradi. Kerak bo‘lsa, "pichoqqa ilinadigan" yoshlarni o‘z usuliga moslab, tarbiyalaydi. 

Ta'kidlaganimdek, bularning barchasi ushbu saralash sikli yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi kerak. JCh-2022 turniriga Keyrush, Lippi, Raneri, Klinsmann darajasidagi yetakchi xorijiy murabbiy qo‘l ostida, ma'lum va aniq bir dastur bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. O‘zimizdan chiqqan mutaxassislarga shuncha ishondik, alomatiyam, vallomatiyam eplolmas ekan. Bas qilsak ham bo‘ladi endi bu tajribani.

Hozirgisini esa Samvel Babayanning o‘zi oxirigacha yetkazib qo‘yishi lozim. Shu sikl uchun to‘liq javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgan holda. Aks holda, agar u zudtar ishdan olinsa va boy berilgan imkoniyatdan so‘ng yangi murabbiy ham vazifani uddalay olmasa, "Menga oxirigacha imkoniyat berilganida, JCh-2018ga olib chiqqan bo‘lar edim", deyishi turgan gap.

Muallif: Shuhrat ShOKIRJONOV.

 

 

Mavzuga oid